“O‘zbekneftgaz”: Qashqadaryoda 58 mln. dollarlik suyultirilgan gaz olish qurilmasining 4-tarmog‘ini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 9 yanvardagi PQ-4563 - sonli “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, “Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz olish qurilmasining 4-tarmog‘ini qurish” bo‘yicha qiymati 58 mln. dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJ va hamkorlar o‘rtasida xorijdan sotib olinadigan texnologik uskunalar, material-texnik resurs(MTR)larni yetkazib berishga oid 11 ta qiymati 23,2 mln. dollar bo‘lgan shartnoma tuzishga erishildi.
Ushbu shartnomalarga muvofiq, hozirgi kunga qadar turbodetander agregati, gazoturbinli dvigatel, o‘lchov asbob uskunalari, analizator, laboratoriya uskunasi, teploobmennik, boshqaruv klapanlari, avtomatlashgan tizim boshqaruvi kabi uskuna va MTRlar to‘liq olib kelindi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida mahalliy yetkazib beruvchilardan sotib olinadigan uskuna va MTRlarni olish uchun umumiy qiymati 84,36 mlrd. so‘mga teng 71 ta shartnoma tuzildi va barcha uskuna hamda MTRlar olindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Qashqadaryoda bo‘lib, aynan ushbu investitsiya loyihasi doirasida uskunalar bo‘yicha tayyorlash va yetkazib kelish ishlarining holatini o‘rgandi.
Ukrainaning “Sumskoe NPO” kompaniyasi tomonidan tayyorlanishi tugatilayotgan isitish pechi va havo orqali sovutish uskunalrini yetkazib kelish ishlarini jadallashtirish kerakligi aytildi.
Bugungi kunda Bosh pudratchi - “Neftegazmontaj” MChJ tomonidan qurilish ishlarining 81,0 foizi bajarilgan bo‘lib, Boshqaruv raisi tomonidan “Neftegazmontaj” MChJ rahbariga qurilish-montaj ishlarini tezlashtirish va joriy yilning avgust oyida yakunlash bo‘yicha vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.
Eslatib o‘tamiz, loyihani amalga oshirish orqali yiliga qo‘shimcha 38,0 ming tonna propan-butan aralashmasi ishlab chiqariladi va suyultirilgan gazning eksporti hajmini oshirishga erishiladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan