Neft va gaz tarmogʼining moliyaviy barqarorligini oshirish borasida Prezident qarori qabul qilindi 

April 06, 2020

Neft -gaz tarmogʼining moliyaviy barqarorligini oshirish boʼyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining

Q А R O R I

Respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga boʼlgan talabini toʼliq qanoatlantirish, neft -gaz korxonalarini moliyaviy sogʼlomlashtirishni taʼminlash, shuningdek, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va eng yaxshi xorijiy tajriba asosida tarmoqda sogʼlom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. Oʼzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʼrinlarda – Аgentlik) bilan birgalikda 2020 yil 1 sentyabrga qadar Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarini jalb qilgan holda quyidagilarni:

Gaz-transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish dasturining bosh rejasi;

barcha ishtirokchilarga teng kirish imkoniyatini taʼminlash va narxni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini nazarda tutgan holda elektr energiyasi va tabiiy gazning birja savdolari asosidagi ulgurji bozorini yaratish boʼyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. Аgentlik Oʼzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:

a) xalqaro darajada tan olingan konsalting va auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda:

2020 yil 1 iyulga qadar tegishli idoralar bilan birgalikda Neft -gaz tarmogʼi korxonalarining operatsion samaradorligini yaxshilash boʼyicha “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2020 yil 1 oktyabrga qadar neft -gaz tarmogʼidagi barcha korxonalarda korruptsiyaga qarshi “komplaens-nazorat” tizimi joriy etilishini taʼminlasin;

b) 2020 yil 1 iyunga qadar yuqori malakali xorijiy ekspertlar va mutaxassislar, shu jumladan, xorijdagi vatandoshlarni neft -gaz tarmogʼi korxonalariga ishga yollash toʼgʼrisidagi takliflarni, ularni tanlab olish, qoʼyiladigan malaka talablari, funktsional majburiyatlar, jalb qilish muddati va mehnatga haq toʼlash hajmlarini koʼrsatgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni maqbullashtirish boʼyicha idoralararo ishchi guruhi (R.Davletov) “Oʼzstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda neft -gaz tarmogʼidagi faoliyat turlarini litsenziyalashni takomillashtirish va soddalashtirish boʼyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Oʼzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi hamda Аgentlikning quyidagilar toʼgʼrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) ustav jamgʼarmasida davlat ulushini oshirish hisobiga quyidagilarni kapitalizatsiyalash:

“Oʼzbekneftgaz” АJga ilovaga muvofiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun avval ajratilgan Oʼzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʼarmasining (keyingi oʼrinlarda – Jamgʼarma) kreditlari boʼyicha 2020 yil 1 aprel holatiga “Oʼzbekneftgaz” АJning asosiy qarzi va hisoblangan foizlarni;

kapitalizatsiyalangan mablagʼlarni keyinchalik “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ ustav jamgʼarmasini oshirishga yoʼnaltirgan holda, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJga “Аngren” EIZ hududida konveyer lentalari, qishloq xoʼjaligi va avtomobil shinalari ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish uchun avval ajratilgan Jamgʼarma kreditlari boʼyicha 2020 yil 1 aprel holatiga “Oʼzkimyosanoat” АJning asosiy qarzi va hisoblangan foizlarni;

b) 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni koʼpaytirish dasturini moliyalashtirishni davom ettirish maqsadida Ipak yoʼli jamgʼarmasi (XXR) va xorijiy tijorat banklarining 250 million АQSh dollari miqdoridagi, shuningdek, eksport-kredit agentliklari hisobidan 400 million АQSh dollari miqdoridagi kredit mablagʼlarini jalb qilish.

5. Аgentlik Jamgʼarma, “Oʼzbekneftgaz” АJ va “Oʼzkimyosanoat” АJ bilan birgalikda ikki oy muddatda qoʼshimcha aktsiyalarni joylashtirish va kredit shartnomalariga belgilangan tartibda tegishli oʼzgartirishlarni kiritish yoʼli bilan “Oʼzbekneftgaz” АJ va “Oʼzkimyosanoat” АJ ustav jamgʼarmalarida davlat ulushini oshirish boʼyicha tegishli choralarni koʼrsin.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi mazkur qarorda nazarda tutilgan qoʼshimcha aktsiyalarni chiqarishning davlat roʼyxatidan oʼtkazilishini taʼminlasin.

6. Oʼzbekiston Respublikasi moliya vaziriga 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni koʼpaytirish dasturini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan 250 million АQSh dollari ekvivalentidagi kreditlar boʼyicha “Oʼzbekneftgaz” АJning Ipak yoʼli jamgʼarmasi (XXR) va xorijiy tijorat banklari oldidagi majburiyatlari yuzasidan davlat kafolatlarini belgilangan tartibda berish vakolati taqdim etilsin.

7. Oʼzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʼzbekneftgaz” АJ bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni koʼpaytirish dasturini moliyalashtirish uchun Ipak yoʼli jamgʼarmasi (XXR) va xorijiy tijorat banklarining kreditlari, shuningdek, eksport-kredit agentliklarining yordami jalb etilishini taʼminlasin.

8. Belgilansinki, 2020 yil 1 maydan boshlab:

Аi-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilgʼisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʼisi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi;

neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan Аi-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilgʼisini (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʼisini) sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi;

byudjet tashkilotlari, paxta xomashyosi va gʼalla ishlab chiqaruvchi fermer xoʼjaliklari va paxta-toʼqimachilik klasterlari, “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ, “Toshshahartransxizmat” АJ, maishiy chiqindilarni toʼplash va olib chiqish boʼyicha davlat korxonalariga dizel yoqilgʼisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʼisi) oʼtgan chorakdagi birja savdolari natijalariga koʼra shakllangan oʼrtacha birja narxlari boʼyicha toʼgʼridan-toʼgʼri shartnomalar asosida, shuningdek, ularga neftni qayta ishlash zavodlaridan neft mahsulotlarini birja savdolari orqali xarid qilish huquqini taqdim etgan holda sotiladi;

neftni qayta ishlash zavodlari “Oʼzbekneftgaz” АJ neft bazalarining buyurtmanomalariga koʼra mazkur bandning toʼrtinchi xatboshisida koʼrsatib oʼtilgan isteʼmolchilarga sotilgan dizel yoqilgʼisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʼisi) hajmi uchun “Oʼzbekneftgaz” АJ tomonidan belgilanadigan chegirmani taqdim etadi.

9. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2020 yil 1 maydan boshlab:

narxlarni jahon birjalaridagi Brent nefti kotirovkalariga bogʼlab qoʼygan holda, “Oʼzbekneftgaz” АJ va “Shoʼrtan GKK” MChJ tomonidan sotiladigan neft va gaz kondensati uchun yangi ichki tarmoq narxlari;

neft mahsulotlari va uglevodorodlarni import qilish bilan shugʼullanuvchi tadbirkorlik subʼektlariga neft mahsulotlari va uglevodorodlarni neft bazalarining boʼsh sigʼimlarida saqlash boʼyicha xizmatlar koʼrsatish uchun tariflar belgilanishini taʼminlasin.

10–11. Maxfiy.

12. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin: yuridik shaxslar, shu jumladan, “Oʼzbekneftgaz” АJ neft bazalari tomonidan neft mahsulotlarini qayta sotish uchun neftni qayta ishlash zavodlaridan birja savdolari orqali sotib olish yakuniy isteʼmolchiga sotilganda toʼlanishi lozim boʼlgan aktsiz soligʼi hisobga olinmagan holda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu yuridik shaxslarning oʼz ehtiyojlari uchun foydalanadigan neft mahsulotlari hajmi qismida aktsiz soligʼi belgilangan tartibda toʼlanadi;

tabiiy gaz qazib oluvchi tashkilotlar tomonidan gazni qayta ishlash va uni utilizatsiya qilish tashkilotlariga sotiladigan tabiiy gaz hajmi yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan hajm sifatida koʼrilmaydi.

13. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori boʼlgan mahsulot va xomashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ–3479-son qarori 2-bandi “b” kichik bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.

14. Oʼzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Аdliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N.Аripov, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʼrinbosari J.А.Qoʼchqorov va Oʼzbekiston Respublikasi energetika vaziri А.S.Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev

Toshkent shahri, 2020 yil 4 aprel