Polipropilen bu – propilenning zanjirli o‘sishi natijasida olinadigan polimer. Polietilen bilan o‘xshash hususiyatlarga ega, ammo polietilenga nisbatan ancha yuqori erish haroratiga ega va ancha qattiq.
Polipropilen turli xil molekulyar zanjirli tuzilmalar bilan boshqariladigan sharoitlarda ishlab chiqarilishi mumkin (sterio o‘ziga xos), ammo faqat “izotaktik” katta miqdorda ishlab chiqariladi.
Izotaktik polipropilenda metil yon guruhlari polimer zanjirining bir tomonida joylashgan.
Izotaktik polipropilen 1954 yilda italiyalik kimyogar Julio Natta va uning yordamchichi Paulo Chini tomonidan Italiyaning Montekatini kompaniyasi bilan birgalikda ishlangan. Atmosfera bosimi ostida polietilen ishlab chiqarish uchun nemis kimyogari Karl Zigler tomonidan ixtiro qilingan turdagi katalizatorlardan foydalanilgan. Ushbu kashfiyoti uchun Julio Natta 1963 yilda kimyo sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Julio Natta (1903-1979)
Polipropilenning tijoriy ishlab chiqarilishi 1957 yildan boshlab, Montecatini va Hoechst AG kompaniyalari tarafidan yo‘lga qo‘yila boshlandi.
Polipropilen muhim plastik bo‘lib, bir qator ishlab chiqarish jarayonlari orqali ko‘plab turli xil shakllarda va dasturlarda qo‘llaniladi.
Dunyo bo‘yicha polimer mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshib borishi bilan birga, o‘z-o‘zidan polipropilenga bo‘lgan ehtiyoj ham ortdi. Hozirgi kunga kelib, polipropilen dunyo bo‘yicha ishlab chiqariladigan polimerlar orasida, polietilendan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.
Dunyo bo‘yicha 2018 yilgacha ishlab chiqarilgan polimer mahsulotlari statistikasi (mln tonna hisobida)
2018 yilgacha ishlab chiqarilgan polimer mahsulotlarining statistikasiga nazar tashlasak, barcha polimer mahsulotlarining 19 % dan ko‘proqi yoki 68,21 million tonnasi polipropilen hissasiga to‘g‘ri keladi.
Polipropilenning katta qismi to‘qimachilik sanoatida: tolalarda, matolar, pardozlash materiyallari va gilamlarning tarkibiy qismi sifatida ishlatiladi. Ko‘pgina sanoat maqsadlarida arqonlar, to‘quv va to‘quv bo‘lmagan matolar, shuningdek mustahkamlovchi buyumlar sifatida qo‘llaniladi.
Bundan tashqari polipropilendan oziq ovqat, qurilish, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, maishiy texnika, elektr energetika va boshqa ishlab chiqarishning qator sohalarida keng qo‘llaniladi.
Muallif : Zafar Ro‘ziev - "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish investitsion loyihasi" Polipropilen ishlab chiqarish bo‘yicha bosh mutaxassis.
www.sgcc.uz