“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari koronavirus pandemiyasi davrida majmuaning ishlab chiqarish rejimini uzluksizligini ta’minlash maqsadida barpo etilayotgan “Ishchilar shaharchasi”da bo‘ldi.
“Ishchilar shaharchasi” qurilish ishlarini qisqa fursatlar ichida tugallash, ishchi-xodimlarni dam olish vaqtida kerakli jihozlar va maishiy texnikalar bilan ta’minlash, tibbiy va maishiy xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaratish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Boshqaruv raisi “Uzbekistan GTL” zavodini tozalangan metan gazi bilan ta’minlash loyihasiga asosan xomashyo gazi ta’minoti uchun gaz sarfini o‘lchash uskunasi (zamernoy uzel) bilan tanishdi.
Gaz sarfini o‘lchash uskunasining asosiy vazifasi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasidan “O‘ztransgaz” magistral gaz quvuriga tashlanayotgan tozalangan metan gazi sarfini o‘lchash, shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodiga yetkazib beriladigan tozalangan metan gazini hamda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan kelayotgan xomashyo gazlari (Back up gas) sarflarini o‘lchashdan iboratdir.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan avvalgi tashriflar chog‘ida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasi hamda “Uzbekistan GTL” zavodlari uchun yangi qurilayotgan “GTL-220/35/10 kV” podstantsiyasi bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi va amalga oshirilgan ishlar holati o‘rganildi.
Hozirda har biri 125 MVA quvvatga ega 2 transformatorli “GTL 220/35/10 kV” podstantsiyasi qurilish ishlari faol davom ettirilmoqda va barcha qurilish, montaj va sozlash ishlari belgilangan muddatlarda bajarilishi mo‘ljallangan.
Mazkur podstantsiya Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va “Uzbekistan GTL” – sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi kabi to‘rtta yirik korxonani barqaror ishlashi uchun elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlab bera oladi.
Boshqaruvi raisi tomonidan joriy yilning sentyabr oyiga qadar qurilish-montaj ishlarini yakunlash va kuchlanish ostiga quyilishi yuzasidan topshiriq berildi.
O‘rganishlar davomida, majmuada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va barpo etilayotgan qurilishlar borasida bir qator vazifa va ko‘rsatmalar berildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan