O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 29-dekabrdagi “Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 135 gektardan ziyod maydonida “Uzbekistan GTL” zavodi barpo etila boshlangan edi.

Dunyodagi eng yirik xalqaro va moliyaviy axborot agentliklaridan biri bo‘lgan Reuters agentligi “O‘zbekneftgaz” AJ ma’lumotlari asosida “Uzbekneftegaz GTL” zavodini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi haqida maqola e’lon qildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan “Uzbekneftegaz GTL” zavodi Markaziy Osiyoda eng yirik ishlab chiqarish loyihasi bo‘lishi kutilmoqda. Loyiha maqsadi – tabiiy gazni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishni davom etish, uglevodorod xomashyosi importini qisqartirish, ichki bozorda sifatli va ekologik toza bo‘lgan yoqilg‘iga mavjud bo‘lgan talabni qoniqtirish, respublikamizda mavjud bo‘lgan yer osti boyliklaridan unumli foydalanish va strategik mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish.

“GTL”da ilk kunlardanoq bunyodkorlik ishlari shiddat bilan boshlandi. Hatto 2020-yildagi pandemiya davrida ham bunyodkorlik ishlari to‘xtamadi. Ayni damda loyihalashtirish ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, qurilish-montaj ishlariga 8 000 ga yaqin ishchi va muhandislar, 522 ta maxsus texnika jalb qilindi.

Loyihaning bosh pudratchilari – Koreyaning “Hyundai Engineering”, “Hyundai Engineering&Construction” hamda “Enter Engineering» (Singapur) konsortsiumi tomonidan zavodda uskunalarni ishga tushirish ishlari faol sur’atlar bilan olib borilmoqda.

Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlarini yakunlash holati, tashqi infratuzilma obyektlari qurilishining olib borilishi, shuningdek, “Uzbekneftegaz GTL” korxonasining ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarining amalga oshirilish jarayonlari muntazam o‘rganilib kelinmoqda.

Korxonaning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida maxsus dastur ishlab chiqilgan. Oltita tayanch oliygoh – Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining mamlakatimizdagi filiali, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot va Buxoro muhandislik-texnologiya institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yosh kadrlar amaliyotga jalb qilinib, xorijlik mutaxassislardan soha sirlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, usunalarni ishlatish bo‘yicha, o‘quv-treninglar tashkil etilmoqda.

“Uzbekneftegaz GTL” zavodi 100 dan ortiq zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar o‘rnatilgan laboratoriyaga ega. Laboratoriyada kuniga jami 4 000 gacha tahlil bajarish mumkin.

Zavod hududida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham qizg‘in amalga oshirilmoqda. Zavod qurilishi yakunlanishi joriy yilning dekabr oyida belgilangan.

Loyihaning iqtisodiy tahliliga ko‘ra, zavod ishga tushirilishi bilan yiliga 3,6 milliard kub metr tozalangan tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neft, kimyo sohasi uchun xomashyo bo‘lgan nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Shuningdek, 1321 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Dizel yoqilg‘isi haqli ravishda sanoatda asosiy o‘rinlardan birini egallaydi va “Uzbekneftegaz GTL” zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan sintetik dizel yoqilg‘isi ham bundan mustasno emas. “GTL” yoqilg‘isining tarkibida oltingugurt miqdori deyarli yo‘qligi chiqindi gazlarga ilg‘or ishlov berish texnologiyasidan foydalanganda boshqa yoqilg‘ilardan afzalligi bilan ajralib turadi.

Shuni ta’kidlash kerakki, bu yoqilg‘ining biologik parchalanish jarayoni juda oson kechadi va undan ekologik jihatdan zaif bo‘lgan xududlarda foydalanish juda foydali.

“GTL” zavodida ishlab chiqariladigan aviakerosin mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar ehtiyoji uchun ham yetkazib beriladi. Bu borada “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ va Transport vazirligi huzuridagi fuqaro aviatsiyasi agentligi mas’ul xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Mazkur mahsulotlarning ishlab chiqarilishi O‘zbekiston Respublikasining yoqilg‘i mustaqilligini mustahkamlaydi va ichki bozorni yuqori sifatli mahsulotlar bilan ta’minlaydi, importni kamaytiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz