O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 176-son qaroriga asosan, Respublika hududida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu infeksiyadan himoyalanish bo‘yicha ko‘plab tavsiyalar berdi. Tavsiyalar qatorida qog‘oz shaklidagi hujjatlardan ham infeksiya yuqishi mumkinligi aytilgan.
Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosi yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Boshqaruvning 120-sonli buyrug‘iga asosan, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarini qabul qilish onlayn rejimga o‘tkazildi.
Koronavirus infeksiyasining qog‘oz shaklidagi hujjatlar almashinuvi orqali tarqalishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, qog‘oz shaklidagi barcha hujjatlarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi.
Hujjatlar esa elektron shaklda (PDF formatda) Aktsiyadorlik jamiyatining ung@exat.uz yagona himoyalangan pochtasi yoki kans@ung.uz rasmiy elektron pochtasi orqali qabul qilinishi belgilandi.
Shuningdek, zarur hollarda tashrif buyuruvchi shaxslarni faqat tibbiy niqob va tibbiy vositalarni qo‘llagan holda binoga kiritish tartibi joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan koronavirus pandemiyasini neft va gaz sohasiga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida, uzluksiz faoliyat olib boradigan maxsus SHTAB tashkil qilingan.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati