Joriy yilning 27-29 fevralь kunlari «Oʼzbekneftgaz» АJ tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi neftgaz sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar, jumladan Shoʼrtan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari hamda Shoʼrtan gaz-kimyo majmuasiga OАV uchun press-tur uyushtirildi. Unda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi.

Press-turning ilk kunida OАV xodimlari Shoʼrtan neft va gaz qazib chiqarish korxonasiga tegishli bir nechta obʼektlarda boʼlishdi hamda u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.

Shoʼrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi – «Oʼzbekneftgaz» АJ tarkibiga kiruvchi, Oʼzbekistonda neft hamda gaz sohasida yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi.

Boshqarmaning asosiy ishlab-chiqarish faoliyati quyidagilardan iborat:

gaz qazib olish va uni qayta ishlash;

neft qazib olish;

barqarorlashgan gaz kondensati ishlab chiqarish;

suyultirilgan gaz ishlab chiqarish;

oltingugurt ishlab chiqarish.

Shoʼrtan neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasining tabiiy gazni qayta ishlovchi asosiy texnologik qurilmalari Bosh inshootning 140,27 gektar hududida joylashgan.

Hozirgi kunda Shoʼrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 12ta gaz konlari mavjud boʼlib, ularning 11 tasi, «Shoʼrtan», «Janubiy Tandircha», «Buzaxur», «Sharqiy Buzaxur», «Chunagʼar», «Tarnasoy», «Nomozboy», «Zafar», «Oydin», «Topichaksoy», «Yormoq» konlaridan gaz hamda gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.

«Shoʼrtan» Bosh inshooti gazni qayta ishlash qurilmalarida Shoʼrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli gaz konlaridan tashqari «Gissarneftegaz», «Epsilon Development Company» hamda «Lukoyl-Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ qoʼshma korxonalari tomonidan yetkazib berilayotgan tabiiy gaz ham qayta ishlanadi.

2019 yilda «Oʼzbekneftgaz» АJ umumiy reja koʼrsatgichlarining bajarilishida Shoʼrtan neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasining ulushi qoʼyidagilardan iborat boʼldi:

gaz qazib chiqarish boʼyicha – 26,8 %ni;

neftь qazib chiqarish boʼyicha – 30,6 %ni;

kondensat ishlab chiqarish boʼyicha – 25,5 %ni;

propan-butan aralashmasini ishlab chiqarish boʼyicha – 35,7 %ni;

oltingugurt ishlab chiqarish boʼyicha – 0,6 %ni tashkil qildi.

Shoʼrtan neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishlatilayotgan mavjud texnologik qurilmalar bir necha oʼn yillardan buyon ishlatilib kelinayotganligi sababli bugungi unda ularni rekonstruktsiya qilish, texnologik jihatdan yangilash, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarishni koʼpaytirish maqsadida bir qancha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Press-turning ikkkinchi kunida OАV xodimlari Muborak neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli korxonalarga tashrif buyurishdi.

Muborak neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasi ham Oʼzbekneftgaz АJ tarmogʼidagi asosiy korxonalardan biri hisoblanadi. Uning asosiy ish faoliyati neftь, gaz va gaz kondensati qazib olish, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bilan bogʼliq. Boshqarmaning asosiy ishlab chiqarish obʼektlari Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan. Uning tarkibida qoʼyidagi obʼektlar mavjud:

33 ta kon, jami 1415 ta neftь va gaz qazib chiqarish quduqlari;

7 ta gaz siquv kompressor stantsiyalari;

36 ta gaz haydash agregatlari (Koʼkdumaloq, Zevarda, Аlan, Pomuq, Janubiy Oʼrtabuloq, Somontepa, Dengizkoʼl, Muborak va boshqa konlar);

Mexanika taʼmirlash sexi, elektrokimyoviy himoyalash sexi, issiqlik elektr taʼminoti sexi, magistral gaz quvurlarni ishlatish boʼlimi, quduqlarni tadqiqot qilish uchastkalari.

 

Hozirgi kunda mamlakatimizda qazib olinayotgan suyuq uglevodorodlarning (neftь, neftkondensat) 35 foizi, tabiy gazning 30 foizdan ortiqrogʼi Muborak neftь va gaz qazib olish boshqarmasi hissasiga toʼgʼri keladi.

Boshqarma tarkibida 33 ta gaz, neftkondensat va neftь konlari mavjud boʼlib, shulardan 25 ta kon ishlab chiqarishda, 8 ta kon konservatsiyada va qayta ishga tushirishi kutilmoqda.

Bugungi kunda boshqarma tasarrufidagi konlardan kunlik 49 million metr/kub tabiy gaz, 2135 tonna kondensat va 312 tonna neftь xomashyosi qazib olinmoqda. Qazib olinayotgan gaz va gaz kondensati D-1020 va 720 millimetr oʼlchamdagi quvurlarda jami 800 kilometr uzunlikdagi gazoprovod orqali Muborak gazni qayta ishlash korxonasiga, suyuq uglevodorodlar D-273-219 millimetr oʼlchamdagi uzunligi 360 kilometr boʼlgan quvurlar orqali Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga yetkazib berilmoqda.

Boshqarma tomonidan 2017 yil 11 dekabrdan 30 dekabrgacha kuniga 400 ming metr/kub gazni tozalash va quritish quvvatiga ega boʼlgan «Gazni sioletli tozalash qurilmasi» ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Muborak NGQChB tasarrufidagi zaxirasi kam konlardan past bosimli tabiiy gaz qazib olish hamda uni Muborak tumani aholisini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida qurilgan. Qurilma sinovdan oʼtkazilib 2018 yil 9 fevraldan tabiiy gaz isteʼmolga uzatila boshlangan.

Qurilma ishga tushirilishi natijasida boshqarmada 25 nafar yosh mutaxasis qoʼshimcha ish oʼrni bilan taʼminlanadi.

Muborak gaz va neftь qazib chiqarish boshqarmasi bosh muhandisi Begimqul Sultonovning Kun.uz'ga maʼlum qilishicha, boshqarma ichki imkoniyatlar evaziga Qashqadaryo viloyatining Muborak, Mirishkor va Kasbi tumanlari aholisini tabiiy gaz bilan taʼminlash ishlari boshlangan.

— Muborak tumanida bosim pasayib ketgani tufayli konservatsiya qilingan va magistral gaz quvuriga gaz uzatish toʼxtatilgan tabiiy gaz quduqlari mavjud. Korxonamiz tashabbusi bilan ushbu quduqlar qayta ochilib, ulardan olinadigan gazni aholiga uzatayapmiz. Bunday quvurlardagi gazni seolitli quritish va tozalash qurilmasi bunyod etildi. Ushbu qurilma bir kunda 300 ming kub gazni tozalab, aholiga yetkazib berishi mumkin.

Hozircha kuniga 100 ming kub gaz qayta ishlanib, Muborak tumani aholisiga berilmoqda. Yaqin vaqtda mana shunday kam bosimli konlardan olinadigan tabiy gazni Mirishkor va Kasbi tumanlariga ham uzata boshlaymiz,— deydi Begimqul Sultonov.

Press-turning uchinchi kunida OАV xodimlari Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida boʼlib, ushbu korxona faoliyati bilan tanishishdi.

Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi Oʼzbekistonning janubiy-gʼarbiy qismida Qarshi qumliklarining choʼl hududida joylashgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 11 noyabrdagi 395-son qaroriga muvofiq «Polietilen ishlab chiqarish boʼyicha Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi»ni qurish boʼyicha qaror qabul qilingan.

1998 yil 17 fevralda «Oʼzbekneftgaz» MXK va dunyoga mashhur «ABB Lummus Global» (Germaniya), «ABB Soimi» (Italiya), «Mitsui & Co.Ltd», «Nissho Iwai Sorp.» va «Toyo Engineering So.» (Yaponiya) kompaniyalaridan iborat Konsortsium oʼrtasida «loyihalash, jihozlarni yetkazib berish, qurilish, ishga tushirish oldi sozlash ishlari va ishga tushirish» boʼyicha shartnoma imzolangan. Majmua «Oʼzbekneftgaz» kompaniyasining mustaqillik yillarida amalga oshirgan eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri boʼlib, rekord darajadagi qisqa vaqtda amalga oshirilgan.

2002 yil avgustda ishga tushirish ishlari nihoyasiga yetgach, Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida UzClear® tovar belgisi bilan birinchi «Oʼzbek polietileni» ishlab chiqarilgan.

Zavod tarkibida: gaz va kondensat tayyorlash qurilmasi, kompressor stantsiyalari, texnologik qurilmalar (gazni tozalash, quritish, etan, propan, butan ajratish, oltingugurt va polietilen ishlab chiqarish), shuningdek yordamchi obʼektlar, tovar parki, suv, havo va elektr taʼminoti xizmatlari mavjud.

Majmuada har yili quyidagi turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi:

3,9 mlrd. metr/kub gaz xom ashyosi;

3,5 mlrd. metr/kub tovar gazi;

125 ming tonnadan ortiq polietilen granulasi;

100 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz;

100 ming tonnadan ortiq gaz kondensati;

1,5 ming tonna oltingugurt granulasi;

750 ming kvadrat metrdan ortiq alyumin kompozitli panellar;

4,5 ming tonnadan ortiq polietilen quvurlar, shlanglar, ulovchi qism (fiting)lar va tomchilab sugʼorish tizimlari va boshqa turdagi mahsulotlar.

 

Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi investitsiya boʼyicha iqtisodchi mutaxassisi Feruz Norboʼtaevning aytishicha Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 maydagi PQ-2965-sonli qarori va 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3507-sonli qaroriga asosan bugun Shoʼrtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish boʼyicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.

 

Loyihaning asosiy maqsadi - uglevodorod xom-ashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish evaziga yuqori koʼshimcha qiymatga ega boʼlgan ishlab chiqarilayotgan polimer maxsulotlari turlarini koʼpaytirish orqali soxaning eksport salohiyatini yuksaltirish hamda import oʼrnini bosuvchi xom ashyo materiallar ishlab chiqarishni koʼpaytirishdir.

 

Mazkur investitsion loyihani 2021 yil 4-chorakda ishga tushirish moʼljallangan. U ishga tushgach, sintetik suyuq yoqilgi ishlab chiqarish zavodidan keladigan yiliga 430,0 ming tonna sintetik nafta va tabiiy gaz tarkibidagi etanni qayta ishlash hisobidan qoʼshimcha 280 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen, 50 ming tonnagacha piroliz distillyati ishlab chiqarish koʼzda tutilgan. Jami yaratiladigan yangi ish oʼrinlar soni: 800 tani tashkil etadi.

 

Loyiha doirasida, АQShning «Chevron Philips Chemical» (CiPiKem) kompaniyasi bilan loyihalanadigan korxonada yangi “MarTech®” bimodal polietilen ishlab chiqarish texnologiyasidan foydalanish xuquqini beruvchi litsenziya shartnomasi, АQShning «CB&I»/«CB&I Novolen» (SiBi end Аy/Novolen) kompaniyasi bilan loyihalanidigan korxonada yangi etilen va polipropilen ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish xuquqini beruvchi litsenziya shartnomasi imzolangan.

 

Bundan tashqari Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi tomonidan yurtimizning turli hududlarida koʼplab korxonalar tashkil etilgan. Qashqadaryo viloyatidagi ip-kalava ishlab chiqaruvchi «Voxateks» MChJ, Xorazm viloyatidagi «Yangiariqplast» MChJ, Nukus shahridagi «Nukus polimer» MChJ, Navoiy EIZda «Poletilen quvurlar», «Polipropilen quvurlar» unitar korxonalari shular jumlasidandir. Shuningdek, bugun Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi mablagʼlari hisobidan qurilgan turli oziq-ovqat mahsulotlari va energiya tejovchi lampalar ishlab chiqaruvchi korxonalar muvaffaqiyat bilan ishlayapti. Qolaversa, majmua hisobida «Erkatoy» MTMning toʼrtta filiali, «Lochin» bolalar oromgohi, «Geolog» sport-sogʼlomlashtirish majmuasi ishlab turibdi.

 

ManbaKun.uz