“Ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish” loyihasi doirasida korxonalarda funktsional vazifalarni amalga oshirish uchun qo‘llaniladigan amaliyotlarni yagona standartga keltirish, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari va “O‘zbekneftgaz” AJ ijro apparati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Ernst&Young” mutaxassislari, buxgalteriya hisobi va korporativ hisobot departamenti, moliya va g‘aznachilik departamenti, xaridlar departamenti, savdo departamenti vakillari hamda "Muborak" gazni qayta ishlash zavodi va Muborak, Sho‘rtan, Gazli, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarining hududiy menejerlari ishtirok etishdi.
Kun tartibida Jamiyatning barcha korxonalarida buxgalteriya hisobi, moddiy-texnik resurslarni sotib olish va tayyor mahsulotlarni sotish jarayonlarini unifikatsiya qilish, shuningdek, ijro apparati va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini yaxshilash, buxgalteriya hisobi shaffofligini ta’minlash va ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxini optimallashtirish bo‘yicha o‘zaro aloqalarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, faoliyat yo‘nalishlari va biznes yuritish bo‘yicha yagona standartlarni qo‘llash hamda ishlab chiqarish korxonalari va “O‘zbekneftgaz” AJ ijro apparati o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar to‘g‘risida kelishib olindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan