“O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha turnir bo‘lib o‘tdi

Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida xalqning turmush tarzini yaxshilash, aholining barcha qatlamlarida ma’nan va jismonan sog‘lom muhitni yaratish, salomatlikni mustahkamlash g‘oyasi yotibdi. Shu bois, bugungi kunda sog‘lom turmush tarzini yaratish va sportga bo‘lgan e’tibor davlat ahamiyatiga molik muhim ijtimoiy-siyosiy vazifaga aylangan.

Bu borada "O‘zbekneftgaz" aktsiyadorlik jamiyatida ham sportning bir qancha turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil qilib kelinmoqda.

Jumladan, "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev tashabbusi bilan tizimdagi korxonalarda mehnat faoliyatini olib borayotgan ishchi-xodimlar o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha "Shaxmat kunlari" turniri tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismonan va ruhan tetik bo‘lishlarini ta’minlash, shuningdek, sportga keng jalb qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu turnirda “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatining Markaziy apparati hamda uning tasarrufidagi 31 ta tashkilotdan 70 nafar havaskor va professional shaxmatchi xodimlar o‘zaro bellashdilar.

Ushbu musobaqada Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mehnat qilib kelayotgan Xurshida Qo‘zieva ham ishtirok etib, "ENG YAXShI AYOL O‘YINChI" nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘z navbatida majmua Bosh direktori Shuxrat Aslanov mazkur musobaqaning tegishli nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib qaytgan X.Qo‘zievani tabriklagan holda unga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

 

Ta’kidlab o‘tish joizki, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan tizimda faoliyat olib boryotgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bo‘lib o‘tgan mazkur turnirda xotin-qizlar uchun alohida nominatsiyalarni tashkil etilishi ham shular jumlasiga kiradi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz