“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev 2020 yil 17 sentyabr kuni Toshkentga tashrif buyurgan “Vneshekonombank”, “Gazprombank” hamda “EKSAR” sug‘urta agentligi rahbarlari bilan uchrashdi.
Aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 apreldagi “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “2017-2021 yillarda uglevodorod qazib chiqarishni oshirish Dasturi”ni amalga oshirish uchun 250 mln. dollar xorijiy kreditlarni davlat kafolati ostida jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.Rossiya xalqaro moliyaviy institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash “O‘zbekneftgaz” AJning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Muzokaralar chog‘ida “2017-2021 yillarda uglevodorod qazib chiqarishni oshirish Dasturi” doirasida 650 mln. dollar jalb qilish shartlari muxokama qilindi.
Rossiya moliya institutlarining kreditlari 10 yil muddatga berilmoqda, ular ikki yil davomida 4 ta transh bilan ajratiladi. Shu o‘rinda, Rossiya ishlab chiqaruvchilaridan uskuna va moddiy texnik resurslarning xarid qilinishi kreditning yanada imtiyozli shartlarda berilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev “Gazprombank” AJ Boshqaruv raisining o‘rinbosari A.Belous hamda “EKSAR” sug‘urta agentligi rahbari N.Gusakov bilan 2021 yilda “O‘zbekneftegaz” jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan geologiya qidiruv ishlari hamda quduqlarni burg‘ulash uchun 100 mln. dollar uzoq muddatli kredit ajratish masalasini ham muxokama qildi.
Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha kreditlarni jalb qilish maqsadida Ishchi gurh tashkil etilib, unga jamiyat boshqaruvi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov mas’ul etib belgilandi.
Muzokaralar do‘stona, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik ruhida bo‘lib o‘tdi. Rossiya tomoni shu yildan boshlab “O‘zbekneftgaz” kompaniyasining moliyaviy holati yaxshilanib borayotganligi, tarmoqning bozor tamoyillari asosida ishlashga o‘tishi, xalqaro standarlar bo‘yicha audit tizimi joriy qilinayotganligidan mamnuniyat bildirib, moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, “Gazprombank” AJ “O‘zbekneftgaz" AJning ishonchli hamkorlaridan biri bo‘lib, neftgaz sohasida loyihalarni moliyalashtirish uchun 1 mlrd. dollarga yaqin kredit ajratgan.
Jumladan, 2017-2021 yillarda uglevodorodlar ishlab chiqarishni oshiri dasturining birinchi bosqichi, “GTL” zavodining qurilishini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Ta’kidlash joizki, uchrashuv Rossiya Federatsiyasining Vneshekonombank korporatsiyasi raisi Igor Shuvalov boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan