“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida tizimdagi korxonalar, zavodlar, neft bazalar va kon rahbarlari ishtirokida videoselektor bo‘lib o‘tdi.

Boshqaruv raisi muhokamalarga o‘tishdan avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish masalalari tanqidiy ko‘rib chiqilganligini aytib, xususan, “O‘zbekneftgaz” va ilmiy muassasalar bilan birgalikda tasdiqlangan “Yo‘l xaritalari” ijrosi nazorati qoniqariz ahvoldaligi, ishlar o‘zbo‘larchilik holiga tashlab qo‘yilganini ta’kidladi.

Biznesni istiqbolli rivojlantirish departamenti va Innovatsion rivojlanish bo‘limi rahbarlariga “Yo‘l xaritasi” ijrosini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, bajarilmagan bandlar ijrosi ta’minlash hamda “Yo‘l xaritasi” topshiriqlari ijrosi har oyda muhokama etib borilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi barcha rahbar xodimlar xalqning xizmatkori ekanini unutmaslik kerakligini aytib, afsuski ayrim rahbarlar buni unutib qo‘yayotganligini tanqid qildi.

Shuningdek, ushbu videselektor yig‘ilishi nafaqat o‘tgan 11 oy davomida qilingan ishlar muhokamasiga bag‘ishlanishi, balki shu davr mobaynida rahbar xodimlarning vijdonan nima vazifalarni bajarganiga e’tibor qaratilishi eslatib o‘tildi.

2020 yil uchun belgilangan rejalarning 11 oydagi ijrosi to‘la ta’minlanmagani va bunday joylardagi rahbarlarning beparvoligi, o‘z vazifasini sidqidildan bajarmagani sabab ekani, yil oxiriga qadar qoloqlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar vijdonan, o‘zlari anglagan holda lavozimini bo‘shatib qo‘yishi kerakligi ma’lum qilindi.

Boshqaruv raisning birinchi o‘rinbosari Sh.Alirizaev, o‘rinbosarlar Q.To‘xtaev, A.Mustafaev, U.Ashurov, M.Temirov tabiiy gaz qazib chiqarishni 2020 yil yakuni bilan kamida 33,6 mlrd kub metrga bajarilishiga, o‘tgan 2019 yildagi hajmga (33,5 mlrd kub metr) nisbatan o‘sish sur’atini 100,3 foizga ta’minlashga shaxsan javobgar etib belgilandi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ departament boshliqlari, neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, “O‘zneftgaz quduq ta’mirlash”, “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari”, “O‘zLITIneftgaz” korxonalari ham bu jarayonda alohida mas’uliyatga ega ekani va ular qoloqlik bo‘yicha javobgar ekanliklari eslatib o‘tildi.

Boshqaruv raisi tomonidan suyultirilgan gaz ishlab chiqarish holatini ham keskin tanqid qildi va bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, qish faslining kutilganidan sal vahliroq boshlangani hisobiga aholi ehtiyojini keskin oshganini inobatga olib, tasdiqlangan grafikka asosan “Hududgazta’minot”ga dekabr oyida 60 ming tonna suyultirilgan gazni yetkazib berilishi kerakligi bo‘yicha alohida topshiriq berildi.

Videoselektorda tanqid qilingan asosiy masalalardan yana biri avtobenzin bo‘yicha mavjud zaxiralar yaratilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani bo‘ldi. Bir necha bor, neft bazalar va “Buxoro” zavodi sig‘imlarida zaxira yaratish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berilganiga qaramay, bugungi kunda yetarlicha avtobenzin zaxirasi mavjud emas.

Kunlik avtobenzin ishlab chiqarish 2,5 ming tonnani tashkil etishiga qaramasdan, neft bazalardagi mavjud qoldiqlar kundan-kunga kamayib borayotgani aytildi. O‘z navbatida ta’kidlash kerakki, dekabr oyida respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisini avtobenzinga bo‘lgan talabi keskin oshib, kunlik o‘rtacha 4,1 ming tonnani tashkil etmoqda.

Bundan ushbu videoselektor yig‘ilishida sohaga oid bo‘lmagan, bo‘sh turgan 84 ta ob’yektlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga hamda 18 ta ob’yektlarni mahalliy ijro etuvchi hokimliklarga topshirish ishlarini 2020 yil yakuniga qadar yakunlash vazifalari belgilab berildi.

Yig‘ilish yakunida, Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisini uzluksiz tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida, yil yakuniga qadar barcha boshqaruv bo‘g‘inlarida va ishlab chiqarish ob’yektlarida to‘liq safarbarlik e’lon qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz