"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev rahbarligidagi ishchi guruh a’zolari Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari, konlar hamda quduqlarda bo‘lib, u yerdagi hozirgi holatni o‘rganmoqda. Avvaliga Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida amalga oshirilayotgan qiymati 49 million dollarlik "Mavjud propan-butan aralashmasi olish qurilmalari 1-, 2 va 5-navbatlarini modernizatsiya qilish" investitsiya loyihasi holati o‘rganildi.

Boshqaruv raisi loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish maqsadida tuzilgan maxsus ishchi guruh tarkibidagi mutaxassislar va ishchi-xodimlar bilan suhbat olib borib, karantin davrida yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.

Qurilish maydonida ishchilar soni yetarli emasligi hamda zarur barcha texnika resurslari jalb etilmaganiga e’tiborsizlik qilinayotgani, bajarilgan ayrim ishlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani sababli ayrim mas’ullar faoliyati tanqid qilindi.

Ishchi guruh shu kunning o‘zida "GTL" zavodida bo‘lib, ishchi-xodimlarga yaratib berilgan sharoit, ularning yashash joylari va karantin qoidalariga rioya etilayotgani bilan yaqindan tanishib chiqdi hamda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, bu borada erishilayotgan natijalar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar o‘rganildi.

Qurilish-montaj ishlarining uzluksizligini ta’minlash maqsadida mahalliy va xorijlik yangi mutaxassislarni jalb qilish, ular uchun barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. "Enter Engineering Pte. Ltd." kompaniyasi sentyabr oyida 5 mingga yaqin ishchi jalb etilayotganini inobatga olib, ularning salomatligini asrash, zarur sharoitlarni yaratish kerakligi ta’kidlandi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi"da amalga oshiralayotgan ishlar hamda ishlab chiqarish jarayonlari, majmuaning ishlab chiqarish rejimi uzluksizligi ta’minlash maqsadida barpo etilayotgan "Ishchilar shaharchasi"dagi bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar holati ko‘rildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" va "Uzbekistan GTL" – sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi kabi yirik korxonalar barqaror ishlashi uchun elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlab bera oladigan, 125 MVA quvvatga ega 2 transformatorli GTL 220/35/10 kV podstantsiyasi qurilish ishlarini joriy yilning sentyabr oyida yakunlash va kuchlanish ostiga qo‘yilishi yuzasidan topshiriq berildi.

"Muborak" gazni qayta ishlash zavodiga qilingan tashrif davomida esa, mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, korxonada avtomatlashtirish jarayonlari hamda qurilmalardagi kapital ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishib chiqildi.

Boshqaruv raisi operativ dispetcherlik boshqaruvining avtomatlashtirilgan tizimining dispetcherlik xonasida bo‘lib, avtomatlashtirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha vazifalarni belgilab berdi.

Zavod ishchi-xodimlarining yashash sharoitini yaxshilash, sifatli oziq-ovqatlar bilan ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish borasida topshiriq berildi.

Boshqaruv raisi "Mavjud propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasining 1-, 2- va 3-tizimlari qurilmalarini modernizatsiya qilish" hamda "Propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmasining 4-tizimini qurish" loyihasini joriy yilning 1 sentyabriga qadar ishga tushirish kerakligi belgilandi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida esa tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirishni tashkil etish maqsadida, konlar rahbarlari, master va operatorlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va har bir operator, master va kon rahbarigaga quduqlarda kunlik gaz qazib chiqarish hisob-kitobini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 2020 yil avgust oyi va 8 oylik neft, gaz va kondensat qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan reja va monitoring ko‘rsatkichlarining bajarilishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

 
manba: kun.uz