O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-martdagi PQ–2822 sonli va 2017-yil 11-noyabrdagi PQ–3373 sonli qarorlariga muvofiq “O‘zbekneftgaz” AJ da “2017–2021-yillarda uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish Dasturi” bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Dastur, asosan mavjud konlar va istiqbolli maydonlarda qazib chiqarish quduqlarini burg‘ilash, konlardan gazni qayta ishlash zavodlariga bo‘lgan tizimda gaz quvurlari va yangi ishlab chiqarish texnologik obyektlarni ishga tushirish loyihalarini xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

Belgilangan loyihalar asosan “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” (BAA) kompaniyasi, texnologik obyektlarni qurish bo‘yicha “Enter Engineering RTE. LTD” (Singapur) kompaniyasi kabi bosh pudratchilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihalar uchun 1,85 mlrd doll. miqdoridagi mablag‘lar, shu jumladan, Rossiyaning “Gazprombank” va Xitoyning Ipak yo‘li jamg‘armasi kreditlari jalb qilindi.

Quduqlarda gaz qazib chiqarishni kupaytirish uchun mahsuldor qatlamga termobarik-kimyoviy ishlov berish, qatlamni gidravlik yorish bilan uglevodorodlar oqimini ko‘paytirish kabi ilg‘or usullar va texnologiyalar qo‘llanilgan bo‘lsa, texnologik obyektlar bo‘yicha loyihalarda “Siemens”, “Baker Hughes”, “Weatherford”, “Allend” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar texnologik qurilmalari va apparatlarini jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda.

Dasturni amalga oshirish boshlangandan buyon birinchi bosqich bo'yicha “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” kompaniyasi tomonidan 296 ta quduq burg‘ulandi, 328 ta quduqda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Gaz konlarida ishlatilayotgan va yangi ishga tushirilgan ishlatish quduqlaridan qazib olinayotgan tabiiy gazni kopmleks tayyorlash qurilmalari hamda gazni qayta ishlash zavodlariga uzatib berish tizimi quvurlarining utkazuvchanligini oshirish maqsadida jami uzunligi 400 km dan ortiq turli o‘lchamdagi gaz quvurlari ishga tushirildi. “Enter Engineering RTE. LTD” kompaniyasi tomonidan birinchi bosqich doirasida, “G‘arbi” koni uchun blok-modulli quduq usti kompressor qurilmasi, “Somontepa” siquv kompressor stantsiyasi, “Arslon” konida gazni komleks tayyorlash qurilmasi, Gazli gazni qayta ishlash zavodida gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmasining 6-tarmog‘i va Siquv kompressor stantsiyasi kabi quvvatlar ishga tushirildi.

Ikkinchi bosqich doirasida “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” kompaniyasi tomonidan 185 ta quduqdan 95 tasi qazildi. Gaz konlari quduqlaridan gazni tayyorlash qurilmalari hamda qayta ishlash zavodlariga bo‘lgan gaz uzatish tizimi quvurlarini samaradorligini oshirish uchun jami uzunligi 92,5 km bo‘lgan turli o‘lchamdagi gaz quvurlari foydalanishga topshirildi. Shu yil fevral va mart oylarida “Alan” va “Zevardi” konlarida siquv kompressor stantsiyalari ishga tushirildi. “Dengizko‘l” konida siquv kompressor stantsiyasining qurilish – montaj ishlari davom etmoqda.

Umuman olganda, Dasturda belgilangan loyihalarni amalga oshirish bilan mavjud gaz konlarini yanada o‘zlashtirish bilan qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar hajmini oshirishga erishiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz