O'zbekistonning eng baland cho'qqisi Hazrat Sulton yana sayohatchilar uchun ochildi. Ma'lum vaqt bu cho'qqiga chiqish mumkin bo'lmagan va o'tgan yildan boshlab Tojikiston chegarasida joylashgan bu tog'ga odamlar yana chiqa boshladi. 24 iyul kuni 2019 yil hisobidan ilk marta Hazrat Sultonga tur uyushtirildi. O'ta murakkab bo'lsa ham, mamlakatning eng baland cho'qqisini zabt etish uchun 150 chog'lik odam to'plandi. Shu jumladan majmua xodimlari ham ushbu turda ishtirok etishdi.


Hazrat Sulton cho'qqisi Hisor tog' tizmasida joylashgan bo'lib uning balandligi 4 643 metr. Bu cho'qqi O'zbekistonning eng baland nuqtasi hisoblanadi. Uning nomi Xo'ja Ahmad Yassaviy sharafiga Hazrat Sulton deb atalgan. Yassaviyning nomlaridan biri aynan Hazrat Sulton bo'lgan.

 


Hisorakdan so'ng dovondan o'tib bir qator qishloqlarga kirib bordik. Miraki qishlog'idan o'tgach, telefonlarda aloqa uzildi. Faqat Uz Mobile ishlayotgandi, ammo keyinroq u ham o'chib qoldi. Cho'qqiga yaqinlashgan sayin yo'l ham og'irlasha bordi. Nima uchun bizga aynan «NIVA» ajratilgani shunda ma'lum bo'ldi.


Ko'l qishlog'iga borgach, atrof faqat tog'lardan iborat bo'lib qoldi. Tog'ning eng o'rtasiga kirib borgandan keyin esa askarlarga ko'zimiz tushdi.


Soat 21:00 dan oshganda tog'lar orasidagi vodiyga yetib bordik. Kitobdan vodiygacha bo'lgan yo'lga ham 3 soatdan ko'proq vaqt ketdi. Yaxshiyam tashkilotchilar barchaga fonar olishni tayinlagandi. Shu tariqa tunda mamlakatning eng baland cho'qqisi tomon yo'lga chiqdik.
Boshlanishiga hamma bir xil ketayotgandi, ammo keyinchalik har kim kuchiga qarab bo'linib ketdi. Tan olish kerak, tikka toqqa chiqish juda-juda qiyin bo'ldi. Tog'lik odamlar uchun bu oddiy ishdir, ammo oddiy yo'lda yurishga odatlanganlar uchun cho'qqiga chiqish murakkab.
Atrof qop-qorong'u, hech qanday ilinj ko'rinmaydi. Bunday pallada inson tabiat oldida qanchalik ojiz ekanini his qiladi. Soat 03:30 lar atrofida Hisor tizmasining eng yuqori qismiga yetib bordik.

 


Tog'ning tepasida qorning juda ko'pligi bois havo ancha salqin edi. Ayniqsa Quyosh chiqishi arafasida havo keskin sovidi. Quyoshning chiqishi esa alohida go'zallik. U vaqtda tog'lar yanada go'zallashdi. Quyosh chiqishi bilan ortga qaytdik. Tushish ham oson bo'lmadi. 4 soatcha yurgach yana mashinalar to'plangan vodiyga yetib bordik. Aynan yetib borgandan so'ng tog'ning tepasidagi go'zalliklarni chinakamiga angladik. Chunki tepada vaqtimiz qo'rquv kuchli edi.

 


O'zbekistonning eng yuqori cho'qqisiga yaqinlashgach, inson faqat bitta ovozni eshitarkan — sukunatning ovozini. To'g'ri, bizga olisdan daryoning shovqini ham eshitilib turdi, ammo men aytayotgan ovoz boshqa edi. Tong qorong'usida atrof shunchalik jimjit bo'ldiki, bir gap aytsangiz, qaytib kelaverdi. Yuqorida aytganimizdek bu qanday baxt bo'lganini ham pastga tushgach angladik.
Xullas ajoyib sayohat bo'ldi. Quyida bizning rasmlar bilan Hazrat Sultonga xayolan sayohat qilishingiz mumkin bo'ladi. Sayohatdan olingan videolarni esa alohida e'tiboringizga havola etamiz.

Yuqorida aytganimiz 4 000 metrdan ham teparoqda olingan kadr mana shu. Oyoq ostida tubsiz jarlik, qarshida esa «kichkina» tog'lar

U.Haydarov