“INNOPROM”: “O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Rossiya Federatsiyasining Nijegorodsk viloyati hukumati delegatsiyasi va “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.
Nijegorodsk viloyati Rossiya Federatsiyasining Privoljsk federal okrugi tarkibiga kirib, mamlakat markaziy qismining eng yirik hududlaridan biri hisoblanadi.
Viloyat delegatsiyasiga Nijegorodsk viloyati gubernatorining o‘rinbosari A.G. Sanosyan rahbarlik qilib, delegatsiya tarkibidan Nijegorodsk viloyati eksport markazi direktori S.V.Zvankov, Klaster siyosati va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori D.G. Rumyantsev, shuningdek “DROBMASH” YAJ, “NPO Transport” MCHJ, “Prom Avto guruhi” MCHJ, “Borskaya voylochnaya fabrika” AJ, “Pepper NN” MChJ, “Invest Avto” MChJ, “PS Aksioma” MChJ kabi korxonalarning rahbarlari o‘rin olgan.
Bevosita “O‘zbekneftgaz” AJ stendida tashkil etilgan uchrashuvda Boshqaruv Raisining o‘rinbosarlari A.Mustafoev, U.Ashurov, shuningdek burg‘ilash, konlarni ishlab chiqarish, xaridlar, mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, biznesni istiqbolli rivojlantirish departamentlari rahbarlari tomonidan tarmoq haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda transport va logistika, korxonalarda texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish (ASUTP), xaridlarni tashkil etish, ishlab chiqarish ob’yektlarini qurilishi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Nijegorodsk viloyati sanoat korxonalari vakillarida “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarining mahsulotlar, butlovchi qism va materiallarining virtual ko‘rgazmasi katta qiziqish uyg‘otdi.
Muzokaralar so‘nggida “O‘zbekneftgaz” AJ va Nijegorodsk viloyati korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi.
“INNOPROM: “O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar davom etmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan