Ta'lim jarayonlarining samarali bo‘lishi bevosita amaliyot bilan bog‘liq. Ayniqsa u Oliy ta'lim muassasasi bo‘lsa, amaliyotning o‘rni yanada ortadi. Agarda biz ta'lim olayotgan yo‘nalish, tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan bo‘lsa, amaliyotning o‘rni har qachongidan ham yuqori bizning nazdimizcha. Shiddat bilan rivojlanib, raqamlashib borayotgan zamonamizda texnika, texnologiya, kimyoviy moddalar va ularning xossalari borasidagi olib borilayotgan tadqiqot ishlarining amaliyotdagi natijalari bilan bevosita tanishish va u jarayonning bir bo‘lagi sifatida o‘zni his etish, istiqbolli kadrlarning kelajakdagi sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirishi turgan gap!

Majmua va OTM o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ishlari natijasida hozirgi kunda 18 tadan oshiq o‘quv muassasalari bilan tuzilgan shartnomalarga ko‘ra ayni paytga qadar 479 ta talabalar ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashdi.

Amaliyotlari yakunida majmuaning bevosita amaliyotchilarga biriktirilgan vakillari va kadrlar siyosatiga daxldor rahbariy xodimlar oldida amaliyotchilarning o‘tagan amaliyotlari davomida o‘zlari biriktirilgan sex, xizmat, bo‘lim faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarini o‘tkazishdi.

Taqdimot davomida majmuaning professional mutaxassislari tomonidan ularning bajargan ishlariga bildirilgan munosabatlar, taqdimotchilarning kelgusidagi amaliyotdagi faoliyatlariga zaruriy ko‘nikma o‘rnida asqotishi turgan gap.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlari ular uchun 4 yillik o‘qishlari davomidagi real ish rejimining eng oliy ko‘rinishi sifatida eslarida qoladigan bo‘ldi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz