O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2022 yil 10 noyabr kunidagi "Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasi yig‘ilishining 2022 yil 10 noyabrdagi 49-son bayoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirishga qaratilgan "Yong‘in xavfsizligi oyligi"ni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida"gi 527-sonli buyrug‘i hamda Qashqadaryo viloyati hokimining 14 noyabr kunidagi "Yong‘in xavfsizligi oyligi"ni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ijrosini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’sullari tomonidan, viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘ta muhim va toifalangan obyektlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Xuddi shunday muloqotlarning navbatdagisi "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda tashkil etildi.
Muloqot avvalida, majmua Bosh direktori o‘rinbosari Nodir Xalilov o‘zining "Yong‘in xavfsizligi oyligi" doirasidagi fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashgani holda bu borada majmuada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Muloqot davomida Qashqadaryo viloyati FVB O‘MTO YOXTTЕB boshlig‘i podpolkovnik A.A.Inoyatullayev, majmua ishchi-xodimlariga olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, yong‘in, is gazidan zaharlanish yoki gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ishlarda barchani birdek faol qatnashishga chorlab, ehtiyotsizlik oqibati nimalarga olib kelishini bu borada tayyorlangan roliklar va taqdimot bilan asoslab berdi.
"Sho‘rtan GKM"MCHJ OBYXTTЕB boshlig‘i polkovnik U.Jo‘rayev esa yig‘ilganlarga yuzlanar ekan, ularni ogoh bo‘lishga chorlab, agarda yuqorida aytib o‘tilgani kabi holatlar yuzaga kelgudek bo‘lsa, qisqa raqamli 101 va 1050 raqamlariga zudlik bilan qo‘ng‘iroq qilishlari lozimligini aytib o‘tdi. Yong‘inlarning hosil bo‘lishi borasida o‘zlarining umumiy xulosalariga to‘xtalar ekan aksariyati insonlarning loqaydligi, jihozlarning nosozligi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmaslik natijasida yuzaga kelishini ta’kidladi.
Shuningdek, muloqot davomida ishchi-xodimlar o‘rtasida favqulodda yong‘in sodir bo‘lganda ko‘riladigan choralar - birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib bordi.
«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|