Birjalar iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Chunki mahsulotlarni birja orqali sotish jarayonida tadbirkorlar hech qanday to‘siqlarsiz zarur tovar resurslarini xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ikkinchi tomondan esa, sotuvchi korxonalar birjada o‘tkaziladigan auktsionlar hisobiga qo‘shimcha daromad olishlari mumkin.
Mahsulotlarni ochiq birja savdolari orqali sotishning yana bir eng muhim afzallik tomoni shundan iboratki, turli korruptsion holatlar oldi olinadi, chunki mahsulotlarni birja orqali sotilganda inson omili mavjud bo‘lmaydi va savdolar elektron tarzda avtomatlashtirilgan holatda bo‘ladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘i bilan aksiyadorlik jamiyatida ham tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida birja tizimidan foydalanish keng yo‘lga qo‘yildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ o‘z mahsulotlarini sotishda birja tizimidan foydalanishni boshlagandan keyin jamiyatning iqtisodiy unumdorligi ijobiy tomonga o‘zgardi. Misol tariqasida jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan oltingugurt mahsulotini eksportini keltirish mumkin.
Ushbu mahsulotning 1 tonnasi 2020-yilda eksportga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida o‘rtacha 6 AQSh dollardan sotilgan, ichki bozordagi narxi esa 34800 so‘mni tashkil qilgan.
2021-yilda Boshqaruv raisining tashabbusi bilan ushbu mahsulotni birja savdolari orqali sotish yo‘lga qo‘yilgach, hozirgi kundagi narxi “DAP st.Xojadavlet” shartlari asosida 1 tonnasi o‘rtacha 23,42 AQSh dollariga, “DAP st. Karakalpakstan eksp.” shartlari asosida 1 tonnasi o‘rtacha 29,42 AQSh dollariga, “DAP st. Xayraton” shartlari asosida 1 tonnasi o‘rtacha 36,1 AQSh dollariga va granulali oltingugurtning narxi “DAP st.Xojadavlet” shartlari asosida 1 tonnasi o‘rtacha 35,62 AQSh dollariga ko‘tarilgan.
Ya’ni kukunsimon oltingugurtning birjadagi narxi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartonma orqali sotilgan narxga nisbatan 332%ga, granulali oltingugurtning narxi esa 594%ga oshgan. Bugungi kunda ichki bozorda birja savdolari orqali sotilgan oltingugurtning narxi “FCA ct.Serniy” zavod shartlari asosida 1 tonnasi o‘rtacha 398 ming so‘mga ko‘tarilgan va bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartonma orqali sotilgan narxga nisbatan 1150%ga oshgan.
Joriy yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan boshqa turdagi mahsulotlarning birja savdolari orqali ichki va tashqi bozorga sotilishida va shartnomalar tuzilishida ham quyidagi ijobiy holatni kuzatish mumkin:
• 2021-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, birja savdolari orqali 333,8 ming tonna (5,5 mln dollar) oltingugurt mahsuloti, 3,9 ming tonna (4,5 mln dollar) polietilen mahsuloti eksportga chiqarildi.
• 2021-yil 1-sentyabr holatiga ichki bozorga birja savdolari orqali 216,3 ming tonna (41 mlrd so‘m) oltingugurt mahsuloti va 20,05 ming tonna (95 mlrd so‘m) suyultirilgan gaz mahsuloti sotildi.
• 2021-yil 1-sentyabr holatiga ichki bozorga 2806 ta birja shartnomasi (247,2 mlrd.so‘m) va eksportga 123 ta birja shartnomasi (10 mln dollar) tuzildi.
Xulosa qilib aytganda “O‘zbekneftgaz” AJda ochiq birja savdolari orqali sotiladigan tovarlarning ro‘yxati kengaytirildi. Sog‘lom raqobat natijasida real bozor sharoitlarini hisobga olgan holda, mahsulotlarga narx belgilashning zamonaviy mexanizmi joriy etildi. Ilg‘or axborot texnologiyalarini tadbiq etish orqali jamiyat iqtisodiy samaradorligini oshirishda katta ijobiy natijalarga erishilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati