O‘zbekistonda taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklar ko‘zda tutilgan shartnomalar asosida uglevodorodlarni qazish mexanizmi joriy qilinmoqda. Ular qazib olinishi murakkab bo‘lgan va kichik zahirali uglevodorod konlarida qazish ishlarini olib borishda shartnomaviy mexanizm sifatida qo‘llaniladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 iyulda VMQ-448-sonli qarori qabul qilindi. Yangi mexanizm qazib olinishi murakkab bo‘lgan konlarda uglevodorodlarni qazib olish hajmini ko‘paytirishda muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining neft-gaz tarmog‘i boshqaruvini takomillashtirish borasidagi 9.07.2019 yildagi PQ-4388-sonli qarorini ijro etish maqsadida qabul qilingan.
Xalqaro amaliyotda uglevodorodlarni qazishda, shu jumladan, qazib olinishi murakkab bo‘lgan va kichik zahirali uglevodorod konlarida qazish jarayonida geologik va moliyaviy tavakkachiliklarni qisqartirish maqsadida yer osti boyliklaridan foydalanuvchi kompaniyalarni taqsimlanmagan tavakkalchiliklar sharti bilan jalb qiladi.
Qabul qilingan qarorga muvofiq belgilanadiki, taqsimlanmagan tavakkalchilikli shartnomalar asosida uglevodorodlarni qazib olish mexanizmi ustav jamg‘armasida (kapitalida) 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan davlat ulushi bor davlat korxonalari va yuridik shaxslarga tatbiq qilinadi.
Bunday shartnomalar asosida pudratchilar jalb qilinadigan konlarning ro‘yxati yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarning takliflari asosida Energetika vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
Pudratchi tanlov asosida aniqlanadi. Shartnomaning yangi turida pudratchi tomonidan o‘z hisobidan va o‘z tavakkalchiligi evaziga uglevodorodlarni qazib olish hajmini ko‘paytirish ishlariga qo‘l urishi ko‘zda tutilgan.
Shartnomaga ko‘ra pudratchiga tegishli bo‘lgan neft va gaz kondensati ulushi shartnomaviy asosda xom ashyo shaklida ichki bozorda sotilishi yoki keyinchalik ichki bozorda sotish yoki eksport qilish maqsadida O‘zbekiston hududida qayta ishlanishi mumkin.
Shartnoma asosida pudratchiga tegishli bo‘lgan tabiiy gaz ulushi shartnomaviy asosda ichki bozorda sotiladi.
Shartnomalar bitta yoki bir nechta kon bo‘yicha 10 yil muddatga tuzilishi hamda yer osti boyliklaridan foydalanuvchi va pudratchi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuviga asosan qo‘shimcha ravishda 5 yilga uzaytirilishi mumkin.
Shuningdek, qarorda tanlov savdolarini o‘tkazish shartlari hamda uglevodorodlarni qazishni ko‘paytirish bo‘yicha taqsimlanmagan tavakkalchilikli kontraktlarga nisbatan minimal talablar, yer osti boyliklaridan foydalanuvchi va pudratchi o‘rtasida bunday shartnomani tuzish sxemasi ko‘zda tutilgan.
Natijada ushbu mexanizm respublikaning neft-gaz tarmog‘ida servis xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ayni paytda o‘zaro manfaatli shartlar asosida pudratchilarning sarmoyasi hisobidan uglevodorodlarni qazish hajmini ko‘paytirish ishlarini amalga oshirish imkonini beradi.
Ushbu qarorning qabul qilinishi tanlov asosida salohiyatli manfaatdor investorlarni tanlashga imkon beradi, tarmoqni rivojlantirishga ko‘maklashadi, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va uglevodorodlarni qazishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan