"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda so‘z mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiyning 583 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan “Navoiyga ta’zim, Boburga ehtirom” mavzusida adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.

Tadbir avvalida, Viloyat Yoshlar ishlari agentligi xodimlari tomonidan "IBRAT" platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar ishlari agentligi mutaxassislari tomonidan platformani yaratilish tarixi, maqsadi va platformaning afzalliklari haqida majmua ishchi-xodimlariga batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng, tadbir mehmoni Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Latif Qambarovning, Navoiy qoldirgan buyuk meros haqidagi qiziqarli faktlarga asoslangan ma’ruzasi tadbir ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.

Hazrat Alisher Navoiy asarlari mag‘ziga singdirilgan hayotiy falsafa zamirida odamiylik va bag‘rikenglik, ezgulik va adolatparvarlik g‘oyalari o‘z mujassamini topgan, — deydi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Latif Qambarov.

Tadbirning ikkinchi qismida majmua havaskor ijodkorlari tomonidan buyuk allomalarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li hamda ijodiga bag‘ishlangan badiiy sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Shuningdek, tadbirda buyuk allomalarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijod yo‘liga bag‘ishlangan, g‘azalxonlik, kuy-qo‘shiqlar va videoroliklar namoyishi tadbir ishtirokchilariga hush kayfiyat baxsh etdi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati