“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va tizim tashkilotlarining bir qator muhandis-mexanik xodimlari o‘zaro tajriba almashish va malaka oshirish maqsadida, zamonaviy talablar asosida barpo etilgan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida amaliyot o‘tashdi
Amaliyot davrida xodimlar Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tarkibiy tuzilmasi, asosiy texnologik qurilmalar, ish boshqarish tizimi va asosan, korxonada ta’mirlash jarayonlarining borishi hamda ishlarni tashkillashtirish dasturini o‘rganishdi.
Shuningdek, xodimlar bir qator ishlab chiqarish tsexlarida bo‘lishib, ularning asosiy tuzilishi, ishlab chiqarish jarayoni va ularda o‘rnatilgan uskuna-jihozlar bilan tanishib chiqishdi.
Mutaxassislar ta’mirlash ishlarining mexanizatsiyalashganlik darajasi bo‘yicha malakalarini oshirish imkoniga ham ega bo‘lishdi.
Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarining zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlanganligi tajriba almashuvchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
Amaliyotchilar argon yoy yordamida rangli metallarni payvandlash jihozlari va texnologiyasi, issiqlik almashinuvchi apparatlarni yechish, tozalash va almashtirish bo‘yicha gidravlik asbob-uskuna va jihozlar bilan ham tanishishdi.
Amaliyot yakunida o‘rganilgan ish tajribasi va bilim ko‘nikmalarini o‘z ish korxonasida ham ishlab chiqarishga joriy etilishi, zamonaviy ta’mirlash uskuna-jihozlarni tadbiq etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan kerakli ko‘rsatmalar berildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan