Mamlakatimiz tarixiy maskanlari, me’moriy atiqalar joylashuvi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘nta mamlakat qatoriga kiradi. Bugungi kunda hududlarimizda 7 mingdan ortiq tarixiy yodgorlik mavjud bo‘lib, ularning aksariyati YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent, Qo‘qon, Termiz kabi ko‘hna va navqiron shaharlarimizni ko‘rishga oshiqayotganlar soni yildan-yilga ko‘payayotgani bejiz emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturi orqali aholiga yurt manzaralaridan bahramand bo‘lish imkoni yanada kengaydi.
Xususan, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida majmuada faoliyat yuritayotgan 50 nafar xotin-qizlarga Xorazm viloyatiga 3 kunlik sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida hamkasblarimiz Xorazm viloyatining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishdi. Jumladan, Ichan Qal’a turistik majmuasi, Niyoz Muhammad Oxunbobo jome masjidi, Ulli hovli qal’asi va ko‘p yillik tarixni o‘zida aks ettiruvchi me’moriy obidalar va qadimiy yodgorliklarni yaqindan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Qadimiy Xivaning yanada go‘zal va maftunkor manzilgohlari, madrasa, maqbara, minora va zamonaviy majmualarini tomosha qilish orqali tarix va kelajak nafasini his qildilar.
Uch kunlik sayohat davomida, majmua xotin-qizlari Xorazmning diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishish barobarida bir qancha qiziqarli ma’lumotlarga ham ega bo‘lishdi.
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati