Majmuaning "Ichki suv ta’minoti" tsexi jamoasi zimmalariga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondoshishlari, yangiliklarga qiziqishlari va hozirgi zamon talablarini to‘laqonli anglab etishlari bilan majmuada e’tirofga loyiq jamoalardan biri hisoblanadi.

Mazkur tsex jamoasi tomonidan yangi tashabbusga qo‘l urildi. Tsex hududida issiqxona mavjud bo‘lib, unda yetishtirilayotgan turli manzarali gullar majmua hududini ko‘kalamzorlashtirishda foydalanib kelinmoqda. Issiqxonada nafaqat gullar, balkim limon va turli poliz ekinlari ham yetishtiriladi. 2017 yil issiqxonada Papayya daraxti yetishtirilib, 2019 yildan buyon hosil olib kelinmoqda.

Shuning bilan birga, mazkur tsexda 2020 yil fevral oyida "Pavlovniya" daraxti urug‘lari tsex boshlig‘i O‘.Normurodov tashabbusi bilan Farg‘ona vodiysidan olib kelinib, tsex hududidagi issiqxonada 1000 dan ortiq ko‘chat maxsus idishlarda yetishtirilmoqda. Shuningdek, tuproq unumdorligi yaxshiroq bo‘lgan yerlarga sinov tariqasida ekildi. Kelajakda ushbu ko‘chatlardan ko‘proq yetishtirib, majmuaning chiroyi va ko‘rkini ochib turishiga o‘z hissasini qo‘shishni niyat qilishgan.

Pavlovniya daraxtlarining 1000 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, dunyoda eng tez o‘suvchi daraxt sifatida tan olingan. Imperator daraxti, Malika daraxti, Kiri, Tang nomlari bilan mashhur bu daraxtning asl vatani Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo hisoblanadi.

Ushbu daraxt asosan Xitoy va Yaponiyada keng tarqalgan bo‘lib, Xitoyda qariyb 2,5 million gektar maydonda o‘stiriladi. Sanoat mahsuloti sifatida Pavlovniya Xitoy, Yaponiya, Tayvan, Koreya, Shimoliy Amerika, Braziliya va Avstraliyada ko‘pdan beri qo‘llanib kelinadi. Yaponiyada pavlovniya daraxti yog‘ochga bo‘lgan talabning 90 foizini ta’minlaydi.

Kunchiqar yurtda undan faner va mebel, qutilar, shuningdek, poyabzal va asbob - uskunalar, hatto ekologik toza idish - tovoq, qoshiqlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.

Hozirda Pavlovniya daraxti mamlakatimizning ham iqlim sharoitiga moslashtirilib, ko‘pgina viloyatlarimizda yetishtirilmoqda.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ

Ichki suv ta’minoti tsexi

 

 

www.sgcc.uz