Mamlakatimizning bilimga chanqoq, iqtidorli yoshlari kelajagimizning mustahkam poydevori sanaladi. Shunday ekan, ular har jihatdan mukammal bo‘lishi, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini egallashi, mustaqil fikrlay olishi, xorijiy tillarni puxta bilishi muhim ahamiyatga ega.

Joriy yilning may oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarni o‘rganish sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yurtimiz yoshlarining xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi, ilg‘or tashabbuslar ilgari surilib, ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, yig‘ilishda har bir vazirlik, idora, davlat kompaniyalari va yirik xususiy korxonalarda chet tillarini o‘rganishni ommalashtirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun haftaning bir kuni xorijiy tillarni o‘zlashtirish va o‘rganish kuni etib belgilanishi ma’lum qilindi. Vazirlik va idoralar, hokimliklarga oliygoh va xususiy ta’lim tashkilotlari mutaxassislarini shartnoma asosida jalb qilib, xodimlarga chet tilini o‘rgatish va xorijiy tillarda ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi. Kelgusi yildan boshlab davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilishning majburiy talabi kiritilishi belgilandi.

Bugungi kunda yurtimizda neft va gaz sohasida ham bir nechta xorijiy tillarni egallab, turli sohalardagi xalqaro tajribalarni o‘rganayotgan, amaliyotga tatbiq etayotgan, qator yutuqlarga erishayotgan yoshlar safi anchagina. Ularning eng katta yutug‘i ham xorijiy tillarni puxta bilishi bilan baholanadi. Shunday ekan, har bir soha rivojlanish sari yuz tutayotgan mamlakatimiz yoshlari uchun xorij tillarini bilish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Majmuada yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida rahbariyat tashabbusi bilan 2021-yiling fevral oyida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ma’muriy boshqaruv binosida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, zamonaviy “Yoshlar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi va ushbu markazda majmua yoshlari va ishchi-xodimlari reja asosida chet tillarini ishdan ajralmagan holda o‘zlashtirish va xalqaro miqyosdagi IELTS hamda TOEFL sertifikatlariga ega bo‘lishlari, IT va loyihalash dasturlarini o‘rganish bilan bir qatorda, o‘z bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishlari mumkinligi haqida ma’lum qilgan edik.

Hozirda ushbu "Yoshlar markazi"da korxonaning 100 dan ortiq yosh mutaxassislari Starter, Beginner, Elementary, Pre-Intermediate hamda Pre-IELTS darajasidagi guruhlarga bo‘lingan holda xorijiy tillarni o‘zlashtirishmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida yosh mutaxassislarni kelajakda yetuk va salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishiga hamda majmuada kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirishga xizmat qiladi

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz