1 oktyabr — "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib, hozirda nafaqada bo‘lgan faxriylar bilan bir piyola choy ustida dildan suhbat bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda majmua sex, xizmat, tarmoq va bo‘limlarida mehnat qilib, hozirda nafaqada bo‘lgan 50 nafar ustozlar ishtirok etishdi.

Tadbirda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov so‘zga chiqib, aziz ustozlarni bugungi bayram bilan muborakbod etdi va o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda faxriy ustozlarimiz yoshlarga namuna bo‘ladigan darajada o‘zgacha bir shukuhda ishtirok etishib, ish jarayonida bo‘lib o‘tgan va allaqachon majmuaning tarix zarvaraqlaridan joy olishga ulgurgan vaqea va hodisalarni ko‘tarinki kayfiyatda yod olishdi.

Shuningdek, tadbir davomida ustoz va faxriylar nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mehnat qilib kelayotgan yosh xodimlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirib, korxonaning yutuqlari bardavom bo‘lishida tilakdosh bo‘lishdi.

O‘z navbatida, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan ustozlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

"Sho'rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz