Oliy ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik - nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash, mutaxassislarni tarbiyalashda o‘ta muhim jarayondir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgustdagi PQ-4805-son “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Termiz davlat universiteti neft-gaz kimyosi va kimyo (turlari bo‘yicha) fakultetining 1 kurs talabalari uchun joriy yilning 13-iyul kuni “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda o‘quv-tanishtiruv amaliyoti tashkil etildi.
Tanishtiruv jarayonida, tashrif buyurgan talaba yoshlarga majmuaning malakali mutaxassislari tomonidan korxonaning tashkil etilishidan tortib bugungi kungacha bo‘lgan faoliyati, undagi qurilmalarning texnik tavsifi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularning turlari haqida ma’lumotlar berildi.
Ayniqsa majmua markaziy laboratoriyasi bo‘ylab tashkil etilgan ekskursiya talabalarda kimyoviy amallar va tajribalar haqida real tasavvurga ega bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etdi.
Talabalar laboratoriyadagi zamonaviy texnika va texnologiyalarning ishlash jarayonlarini kuzatib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga amaliyotchi mutaxassislardan kerakli javoblarni olishdi.
Shuningdek, mutaxassislari uzoq yillik mehnat faoliyati davomida orttirgan tajribasidan kelib chiqib, yoshlarga kelgusida ushbu sohada faoliyat yuritishi uchun asqotadigan zaruriy ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashishdi.
Bu kabi amaliy darslar talabalarga nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash, kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati