Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari shubhasiz yuksak intellektual salohiyatga ega yoshlardir. E’tirof etish joizki keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimi yuqori bosqichda rivojlanib bormoqda. Xususan, bo‘lajak kadrlarning bilimlarini ishlab chiqarish jarayonlaridagi texnika va texnologiyalar muhitida yanada mustahkamlash, o‘quv jarayoni sifatini oshirish maqsadida  "O‘zbekneftgaz" AJ tizim korxonalari va Oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilayotgan amaliy o‘quv mashg‘ulotlari ham bunga yaqqol bir misoldir.

Shunday amaliy darslarning navbatdagisi I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali, Neft qazib chiqarish obyektlariga xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish yo‘nalishi 2 kurs talabalari uchun "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning texnologik zonalarida va interfaol jihozlangan o‘quv xonalarida tashkillashtirildi.

Ushbu amaliyot davomida, majmuaning ko‘p yillik tajribaga ega ustoz xodimlari tomonidan, bo‘lajak mutaxassislarga majmua faoliyati haqida to‘liq ma’lumotlar berildi. Noodatiy tarzda o‘tgan amaliyot darslarida talabalar sohaga doir zamonaviy texnika va texnologiyalarning ishlash jarayonlarini kuzatib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga amaliyotchi mutaxassislardan kerakli javoblarni olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Shuningdek talabalar majmuada ishlab chiqariladigan tayyor va yarim tayyor mahsulotlarini saqlash va tashish jarayonlari bilan tanishdilar.

Bu kabi amaliy darslar talabalarga nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash, malakali mutaxassislar bilan birga ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etish va nazariy bilimlaridagi bo‘shliqlarni amaliyot yordamida to‘ldirish imkonini beradi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|