"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Polietilen ishlab chiqarish sexining Polimerga yakuniy ishlov berish qurilmasidagi GD – 2301X polimerni granulaga aylantiruvchi apparatining pichoqlar jamlanmasi yangisiga almashtirildi.
Polimerga yakuniy ishlov berish qurilmasi 2001-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, qurilmaning loyihaviy ishlab chiqarish unumdorligi yillik 8000 soat, polietilen ishlab chiqarish quvvati esa 125 ming tonnani tashkil etadi.
Polimerga so‘ngi ishlov berish qurilmasining asosiy vazifasi, past bosimli separatorning ikkinchi bosqichidan kelib tushayotgan issiq va suyuq xoldagi polietilenni ekstruziya usuli yordamida, 3×3 mm kattalikdagi qattiq granulalarga aylantirib berishdan iborat.


Qurilmaning GD – 2301X polimerni granulaga aylantiruvchi apparatining pichoqlar jamlanmasini almashtirishdan maqsad vaqt o‘tgani sayin pichoqlar o‘tmaslashib, polimerni yaxshi kesa olmay qoladi va granulalar o‘lchamida o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Shu sabab pichoqlar jamlanmasi vaqti-vaqti bilan yangisiga almashtirilib, o‘lchamlari talab darajasidagi polietilen granulalari ishlab chiqariladi. Bu o‘z navbatida ishlab chiqarishdagi rejadan tashqari to‘xtalishlarni oldini oladi.


Kesuvchi-pichoqlar jamlanmasi granulyator valiga o‘rnatilgan 16 ta o‘tkir pichoq (piska) dan tashkil topgan bo‘lib, ishlab chiqarilgan markalariga qarab, taxminan 30-50 kun ichida 10 000 dan 20 000 tonnagacha polimerni kesib granulaga aylantiradi.
Ma’lumot uchun, hozirda Shurtan gaz kimyo majmuasida foydalanilayotgan GD – 2301X polimerni granulaga aylantiruvchi apparatidagi pichoqlar jamlanmasi, buyurtma asosida “Texnostroy” MCHJ korxonasi tomonidan Xitoy davlatidan olib kelingan.
Polimerlar haqida qiziqarli ma’lumotlar:
Dunyoda plastik iste’molining yillik hajmining teng yarimi, polietilen va polipropilen iste’moliga to‘g‘ri keladi. 
Barcha polimer moddalar o‘z makromolekulalarni tuzilishiga qarab, past molekular organik moddalarga xos bo‘lgan hamma reaksiyalarga kirisha oladi. Bunday reaksiyalar natijasida polimerlarning xossalari tubdan o‘zgaradi. Natijada bir tur polimerlardan,  ikkinchi tur polimerlar hosil qilishga imkon beradi. 
Polietilen mahsulotlari har qanday sharoitda ham deyarli chirimaydi.
Granulalashda bir gramm polimerdan o‘rtacha 40 dan 50 donagacha granula hosil bo‘ladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati