O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi bayrami munosabati bilan "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasi ostida  "Istiqlol bayraming muborak bo‘lsin, ona diyorim!" deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni "Shuxrat" medali  sohibi "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Shuhrat Aslanov kirish so‘zi bilan ochib berib, ko‘p ming sonli majmua jamoasini Mustaqilligimizning 32 yillik shodiyonalari bilan qutladi.

Tadbirning asosiy qismi mamlakatimizda neft va gaz sanoati tarmog‘ining yuksalishi yo‘lidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari e’tiborga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi hamda neft va gaz sanoati xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan majmuaning 18 nafar ishchi-xodimlarini “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlash marosimi orqali boshlandi.

Shuningdek, tadbirda majmua ma’muriyati tomonidan korxonada uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarning yana 61 nafari "Shurtan gaz kimyo majmuasi" “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, Shurtan gaz kimyo majmuasi tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy himoya sohasidagi faol xizmatlari uchun va shu kabi ishlarda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan bir qator ishchi-xodimlar majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan "TASHAKKURNOMA" hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shundan so‘ng, majmuada ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan “Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichi C-guruh bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bellashuvda majmua SHGKM ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish loyihasining “UPGRADE”, Atrof-muhit muhofazasi xizmatining “EKOLAYT” hamda TST, IST, BGHT, ETS xodimlaridan iborat “ENERJY” jamoalari ishtirok etishdi.

Ishtirok etgan jamoalar ko‘rik-tanlov Nizomiga muvofiq to‘rtta shart bo‘yicha o‘zaro bellashishdi va shart mezonlari asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholanib borildi.

Shartlar yakuniga ko‘ra TST, IST, BGHT, ETS xodimlaridan iborat “ENERJY” jamoasi S-guruh bellashuvida eng yuqori ochko to‘plab g‘oliblikni qo‘lga kiritgani holda keyingi bosqichga yo‘l oldi. SHGKM ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish loyihasining “UPGRADE” jamoasi ikkinchi, Atrof-muhit muhofazasi xizmatining “EKOLAYT” jamoasi uchinchi o‘ringa egalik qildilar.

“Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichi "C" guruhi bellashuvi natijalari: 
“ENERJY” jamoasi 91 ball;
“UPGRADE” jamoasi 82 ball;
“EKOLAYT” jamoasi 80 ball.

Tanlov yakunida ishtirok etgan jamoa a’zolariga majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|