"Sho‘rtan GKM": O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qashqadaryo viloyati filialining Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida “Kelajak liderlari” klubi filiali tashkil etildi

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining faol va tashabbuskor yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga qiziqtirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tashkiliy choralarni amalga oshirish, istiqbolli kadrlar seleksiyasi orqali joylarda yuqori malakali davlat fuqarolik xizmatchilari qatlami hamda yangi avlod kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Qashqadaryo viloyati bo‘limi huzurida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning "Kelajak liderlari" klubi filiali tashkil etildi.

Bugun klub filialining rasman ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qashqadaryo viloyati filiali rahbari Jo‘rayev Behzod Xonimqulovich va "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Aslanov Shuhrat Choriyevichlar ishtirok etib, klub faoliyati, uning a'zolari oldiga qo‘yiladigan vazifalar borasida gapirib o‘tishdi.

Shuningdek, majmuada turli vazifalarda xizmat qilayotgan 20-35 yoshgacha bo‘lgan xodimlar orasida belgilangan tartiblarda saralab olingan 18 nafar "Kelajak liderlari"ni taqdirlash marosimi ham tashkil etilib, ularga kelgusi faoliyatlariga yuksak ishonch bildirildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz