Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Shurtan gaz kimyo majmuasida, texnologik jarayonlarining ish samaradorligi va ishonchliligini oshirish hamda "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyatining alohida muhim obyektlarining barqaror ishlashini hamda kuz-qish mavsumida respublika aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini uglevodorod xom ashyosi va mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida bir qator qurilma va uskunalarda joriy ta’mirlash va modernizatsiya ishlarini amalga oshirildi.

Joriy ta’mirlash ishlari davomida tasdiqlangan chora-tadbirlar asosida ishlab chiqarish sexlarida quyidagi hajmdagi ishlar olib borildi.

Jumladan:

  • "Honeywell" kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda majmua ishlab chiqarish qurilmalarining boshqaruv bloki – DCS Tarmoqlangan boshqaruv (Honeywell) tizimida majmuada muqaddam amalga oshirilmagan murakkab modernizatsiya ishlari bajarildi;
  • Bug‘ gaz havo ta’minoti sexida – Azot va havo olish qurilmasi (RA-6600) hamda Demin suv olish qurilmasining (RA-6300) avtomatik boshqaruv tizimida modernizatsiya jarayoni yakunlandi;
  • Etilen ishlab chiqarish sexi gazlarni ajratish qurilmasi gazni amin bilan tozalash tizimida o‘rnatilgan metall quvurlar zanglamaydigan po‘lat quvurlarga almashtirildi;
  • Majmua mutaxassislari va "Thermal Ceramics" M.E kompaniyasi mutaxassislari hamkorligida Etilen ishlab chiqarish sexida BA-1103 piroliz pechlarining issiqqa chidamli g‘ishtlari hamda futerovka qismini to‘liq almashtirish ishlari bajarildi;
  • Polietilen ishlab chiqarish sexi Reaksiya va retsikl qurilmasidagi FA-2105 adsorberini elektr zadvijkalarini almashtirish ishlari amalga oshirildi;
  • Polietilen ishlab chiqarish sexida GA-2104  siklogeksan uzatish nasosining ishlab chiqaruvchisi "Shin nippon" (Yaponiya) hamda "John Crane" kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida yuqori bosimli nasosda to‘liq ta’mirlash ishlari olib borildi;
  • Bug‘ gaz havo ta’minoti sexiga qarashli Texnologik suvni sovitish qurilmasidagi ventilyator reduktorlari kapital ta’mirlandi;
  • 59 dona issiqlik almashinish apparatlarining quvur bog‘lamlarini bosim ostida suv bilan yuvish va ta’mirlash ishlari bajarildi;
  • 189 dona quvuruzatkichlarni taftish va suv bilan sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi;
  • 52 dona saqlovchi klapanlarni rejali ko‘rikdan o‘tkazish hamda tarirovka qilish ishlari bajarildi;
  • 184 dona bosim ostida ishlovchi idishlarni tashqi va ichki ko‘rikdan o‘tkazish, shundan 85 donasida suv bilan sinash ishlari bajarildi;
  • 158 dona berkituvchi armatura va klapanlarni tekshirish va ta’mirlash, 182 dona elektr jihozlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ta’mirlash ishlari bajarildi.

Yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni olib borish vaqtida gaz xavfli ishlari hamda olovli ishlar o‘rnatilgan tartibda texnika xavfsizligi, sanoat xavfsizligi, gaz, yong‘in va elektr xavfsizligi qoidalariga to‘liq amal qilgan holda olib borildi. Buning uchun ushbu ishlarga mas’ul xizmatlar mutaxassislari kechayu-kunduz alohida jonbozlik bilan barcha ishlarni betalafot va xavfsiz o‘tkazilishini o‘z nazoratlariga olishdi.

Ta’mirlash va modernizatsiya jarayonlari majmua mutaxassislarining samarali mehnati hamda turdosh korxonalardan kelgan yordamchi ishchi kuchi va maxsus texnikalarining jalb qilinishi evaziga belgilangan muddatdan avval, 18 kunda yakunlandi. Bu harakatlar qurilmalarni ta’mirlash vaqtini qisqartirib, kelgusida ishlab chiqarish jarayonida operatsion samaradorlikning oshishiga hamda mahsulotlar ishlab chiqarishning yillik hajmi ortishiga zamin yaratadi.

Ta’mirlash ishlarini qisqa muddatda sifatli bajarish uchun 10 dan ortiq chet el kompaniyalaridan 50 dan ortiq mutaxassislar jalb etildi. Majmua ishchi-xodimlaridan umumiy hisobda 1200 ga yaqin ishchilar jalb qilinib ikki smenada ishlar tashkillashtirildi.

Shuningdek, 50 dan ortiq maxsus texnikalar, avtokranlar, yuk ko‘tarish uskunalari jalb qilindi.

Ushbu ta’mirlash ishlari eng muhim va texnologik jihatdan murakkab modernizatsiya jarayonlarini qamrab olganligi bilan majmua tarixida alohida o‘rin egalladi.

Ta’mirlash va modernizatsiya ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan barcha majmuamiz ishchi-xodimlariga, turdosh korxonalardan kelgan xodimlarga hamda chet ellik mutaxassislarga majmua rahbariyati o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati