Bozor munosabatlariga o‘tish va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida korxonalarda xodimlar bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarni shartnomalar asosida tartibga solish, ijtimoiy sherikchilik tamoyilini rivojlantirish jamoa shartnomasi va kelishuvlari orqali amalga oshiriladi.
Xususan, 2023-yil 28-aprel kuni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ ma’muriyati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida 2022-2024 yillar uchun qabul qilingan jamoa shartnomasining 2022-yilda bajarilishi hamda mazkur jamoa shartnomasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha mehnat jamoasining Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston energetika, neft va gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi viloyat Kengashi vakillari, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ma’muriyati, majmua Kasaba uyushmasi qo‘mitasi jamoasi hamda majmuaning sex, xizmat, tarmoq va bo‘limlaridan saylangan delegatlar ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda dastlab “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ jamoa shartnomasining 2022-yilda bajarilishi yuzasidan SHGKM Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Turakulovning hisobot ma’ruzasi tinglandi.
Ma’ruzaga ko‘ra, ishchi-xodimlar yil mobaynida moddiy, tibbiy va ma’naviy qo‘llab–quvvatlangan. Shuningdek, samarali xizmat qilgan xodimlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, o‘z vazifasiga vijdonan yondashayotgan ishchi-xodimlar muntazam ravishda rag‘batlantirilib borilayotganligiga alohida urg‘u berildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston energetika, neft va gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi viloyat Kengashi raisi Akbar Yusupov so‘zga chiqib majmuada Jamoa shartnomasining bajarilishi yuzasidan ijobiy fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Konferensiyada delegatlar faol ishtirok etib, kasaba uyushmasi ishini yanada jonlantirish va rivojlantirish haqida fikr mulohazalar bildirishdi.
Muzokara va muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan Shurtan gaz kimyo majmuasi jamoa shartnomasining 2022-yilda bajarilishi qoniqarli deb baholandi. Shuningdek, Tez orada yangilanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Mehnat shartnomasiga asosan Jamoa shartnomasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi jamoa bilan kelishib olindi.
Ta’kidlash joizki, jamoa shartnomasi ish beruvchi va korxona xodimlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, mehnatkashlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan, axloqiy me’yorlar, mehnat intizomi, ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlarni himoya qilishni ta’minlaydigan hujjatdir.
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati