"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda, xususan bugungi kunda majmuada muntazam ravishda ishlab chiqarish ekologik nazorati o‘tkazib kelinmoqda.
Shu o‘rinda ekologik nazorat haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak.
Ekologik nazorat - bu atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va jamoatchilik chora-tadbirlaridir.
Ekologik nazoratning asosiy vazifalari:
- atrof muhit holatini kuzatib borish, atrof muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelinishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni aniqlash;
- amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash;
- yuridik va jismoniy shaxslarning atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash;
- atrof muhitdagi o‘zgarishlar, uning prognoz qilinayotgan holati, tabiiy resurslardan foydalanilishi va ko‘rilayotgan tegishli chora-tadbirlar to‘g‘risida davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarni hamda fuqarolarni xabardor qilish;
- tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini ta’minlashdir.
Ekologik nazoratning turlari quyidagilardan iborat:
1. Davlat ekologik nazorati;
2. Idoraviy ekologik nazorat;
3. Ishlab chiqarish ekologik nazorati;
4. Jamoatchilik ekologik nazorati.
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ishlab chiqarish ekologik nazoratini o‘tkazish Atrof muhit muhofazasi xizmati muhandis-texnik xodimlari zimmasiga yuklatilgan. Majmuaning 28.12.2022-yildagi № 090/377-sonli buyrug‘i asosida, Atrof muhit muhofaza xizmati muhandis – ekologlari tomonidan 2023-yil boshidan, ishlab chiqarish ekologik nazorati olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida 12 ta sexda ishlab chiqarish ekologik nazorati o‘tkazildi. Mazkur nazorat davomida sexlarga sohaga doir tegishli ko‘rsatmalar va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida muhandis – ekologlar tomonidan majmua ishchi-xodimlari o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Buni birgina Tashqi suv ta’minoti sexi misolida ko‘radigan bo‘lsak, o‘tkazilgan ishlab chiqarish ekologik nazoratida sex muhandis-texnik va ishchi-xodimlariga tabiatni muhofaza qilish, suv va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda muhofaza etiladigan hududlar, flora va faunani saqlash haqida umumiy tushuntirish ishlari olib borildi.
Shu bilan bir qatorda muxandis-ekologlar, Tashqi suv ta’minoti sexi tomonidan sug‘orish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, bu borada sex xodimlariga o‘z tavsiyalarini va fikr-mulohazalarini bildirishdi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati