O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida G‘uzor tumanida barpo etilayotgan “Uzbekistan GTL” zavodining qurilish maydoniga kelib, uni moliyalashtirish, xorijiy texnologiyalar bilan jihozlash, quruvchilar va kadrlar ta’minoti kabi barcha masalalar chuqur tahlil qilingan edi.
Tashrif davomida “Uzbekistan GTL” zavodidan nafta xom ashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish evaziga yuqori ko‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan ishlab chiqarilayotgan polimer mahsulotlari turlarini ko‘paytirish orqali sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish hamda import o‘rnini bosuvchi xom ashyo materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish" investitsiya loyihasini yangi kontseptsiyada amalga oshirish g‘oyasi ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-maydagi PQ-2965-sonli qaroriga asosan “Majmuaning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mazkur investitsion loyihani ishga tushirish evaziga 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan bir qatorda, GTL zavodidan keladigan yiliga 430,0 ming tonna sintetik nafta va tabiiy gaz tarkibidagi etanni qayta ishlash hisobidan qo‘shimcha 280 ming tonna polietilen, 100 ming tonna polipropilen, 50 ming tonnagacha piroliz distillyati ishlab chiqarishga erishiladi.
Loyiha doirasida 2017-yil 25-iyulda AQShning «ChevronPhilips Chemical» kompaniyasi bilan loyihalanidigan korxonada yangi “MarTech®” bimodal polietilen ishlab chiqarish texnologiyasidan foydalanish xuquqini beruvchi litsenziya shartnomasi, 2017-yil 13-aprelda AQShning «CB&I»/«CB&I Novolen» kompaniyasi bilan loyihalanidigan korxonada yangi etilen va polipropilen ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish xuquqini beruvchi litsenziya kelishuvi imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-maydagi PQ-2965-sonli qarori bilan belgilangan loyiha bo‘yicha Bosh pudratchi “Enter Engineering” (Singapur) kompaniyasi bilan loyiha doirasida loyihalash, asbob-uskuna va jihozlarni yetkazib berish va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha 2018-yil avgust oyida tegishli kontrakt imzolangan (ERS-kontrakt – loyhalash, asbob-uskuna va jihozlarni yetkazib berish va qurilish kontrakti).
Loyihalash ishlari HYUNDAI ENGINEERING CO., LTD (Janubiy Koreya) va GS E&C (Janubiy Koreya) yetakchi kompaniyalar tomonidan amalga oshirilib kelinmokda.
Bugungi kunda detal loyihalash ishlari, jumladan loyihalashtirilayotgan zavodning asosiy kontseptsiyalari, bosh plan, energoresurslarni taqsimlanishi, qurilish maydonini tayyorlash loyihalarining dastlabki hujjatlari ishlab chiqilgan.
Bosh pudratchi va uning pudratchilari tomonidan loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlarga hozirda 416 nafar mutaxassis xodimlar jalb etilgan.
Batafsil loyihalash ishlarida, jumladan loyihalashtirilayotgan zavod uchun xarid qilinayotgan asbob-uskunalar va jihozlarni konstruktiv parametrlarini aniqlashda, bosh planini shakllantirishda, shartnoma shartlariga, amaldagi normativ-texnik hujjatlar talablarini bajarilishini nazorat qilish hamda loyihani amalga oshirish etaplari va muddatlarini boshqarishda buyurtmachiga amaliy ko‘mak berish maqsadida Fransiyaning “Byuro Veritas Indastrial Servisez” kompaniyasining Qozog‘istondagi shu’basi Loyiha boshqaruvi konsultanti xizmatlarini bajarishga tegishli shartnoma asosida jalb etilgan.
Mazkur loyihani moliyalashtirish borasida dunyoning bir qator davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ayni vaqtda loyihani molyalashtirish bo‘yicha "O‘zbekneftgaz" AJ mablag‘lari bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasining «Gazprombank» AJ bilan qiymati 300 mln AQSh dollari miqdorida kredit shartnomasi imzolangan va o‘zlashtirilmoqda.
Hech kimga sir emaski har bir loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishining asosiy omillaridan biri bu professional kadrlarni tayyorlashdir. Hozirgi kunda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” hududida kadrlarni tayyorlash markazi tashkil etilgan bo‘lib, ishlab chiqarish sexlar va ob’yektlarda jami 183 nafar saralab olingan yosh mutaxassislar, shu jumladan neft va gaz sohasidagi oliy o‘quv yurtlarining eng yaxshi bitiruvchilari amaliy va nazariy mashg‘ulotlarni o‘tashmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida O‘zbekistonda polietilen hamda polipropilen ishlab chiqarish hajmlari ko‘paytirilib, yurtimizda sifatli va eksportbob tovarlar ishlab chiqarish uchun zamin yaratiladi.
Ish jarayonidan lavhalar:
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati