Respublikaning iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va biznes subyektlari hamda aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini to‘liq qoplash, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini taqsimlovchi korxonalarga uzatishning ishonchliligini oshirish maqsadida, jamiyat tassarufidagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish ishlari jadal olib borilmoqda. Xususan, “Sho‘rtan GKM” MCHJda tashkil etilgan “GTL 220/35/10 kV" podstansiyasi shular jumlasidan hisoblanadi.

“GTL 220/35/10 kV" podstansiyasi «O‘zelektroapparat", “Power elektro group” va Xitoyning “Xuosun” kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlikda barpo etilgan bo‘lib, "Uzbekistan GTL "MCHJ zavodini tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlabgina qolmasdan, "Uzbekistan GTL" MCHJ zavodidagi bug‘ turbinali elektr generatorlari orqali o‘z ehtiyojidan ortiqcha ishlab chiqariladigan elektr energiyasini "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ ga yetkazib berish va realizatsiya qilishda magistral elektr tarmoqlari bilan uzviy bog‘lovchi podstansiya hisoblanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv Raisining 2022 yil 7-noyabrdagi “Sho‘rtan NGQCHB va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilish" bayoni topshiriqlari asosida “GTL 220/35/10 kV" podstansiyasi “Sho‘rtan GKM” MCHJ balansiga qoldirilib, "GTL 220/35/10 kV" podstansiya sexi sifatida tashkil etildi.

Bugungi kunda ushbu podstansiyada "Milliy elektr tarmoqlari" AJ ga qarashli podstansiyalarda tajriba orttirgan va "O‘zbekneftegaz" AJ tarkibidagi korxonalarning malakali mutaxassislari faoliyat olib borishmoqda.

Shu bilan birga "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Personalni boshqarish (HR) xizmati bilan hamkorlikda podstansiya sexi uchun iqtidorli yosh kadrlar saralab olingan bo‘lib, hozirda ular malakali mutaxassislar bilan birga o‘z tajribalarini oshirmoqdalar.

Kelajakda "GTL Uzbekistan" MCHJ zavodining generatorlarida ishlab chiqarilgan elektr energiyani "GTL 220/35/10 kV" podstansiya sexi orqali majmua texnologik hududi elektr ta’minoti uchun uzatish rejalashtirilgan. Bu "O‘zbekneftegaz" AJ ta’sischiligidagi korxonalar o‘rtasida elektr energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oldi-sotdisini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|