O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi PF-220-sonli farmoni hamda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda ishlab chiqilgan "Ichki va tashqi texnologik qurilmalarini modernizatsiya qilish hamda ularni texnik yangilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi" ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, majmua Elektr ta’minoti sexining 2023 yil uchun ishlab chiqqan Elektr qurilmalari va uskunalarini rejali profilaktik ta’mirlash bo‘yicha yillik jadvali asosida texnologik zonalarda o‘rnatilgan barcha yoritish chiroqlari yangi energiya tejamkor "LED" yoritish chiroqlariga almashtirilmoqda.

Ma’lumki, energiya tejovchi chiroqlar elektr energiyasi iste’moli jihatidan an’anaviy cho‘g‘lanma lampalarga nisbatan tejamkordir. Ularni ham ikki turga bo‘lish mumkin: simob bug‘i asosida yorituvchi (lyuminessent) hamda yorug‘lik-diodli (LED) lampalar. Bular orasida LED-chiroqlar eng tejamkori va xavfsizi hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda aytish mumkinki, majmuada amalga oshirilayotgan yoritish chiroqlarini yangilash ishlari o‘z navbatida kelajakda sezilarli darajada energiya tejamkorligiga hamda xavfsizlik darajasining oshishiga olib keladi.

Shuningdek, energiya yo‘qotilishini oldini olish va uskunalar ish rejimining barqarorligini ta’minlash maqsadida Elektr ta’minoti sexining Elektrotexnika laboratoriyasi xodimlari tomonidan majmuaning barcha elektr qurilmalarida keng miqyosdagi joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan: 
- Majmuaga qarashli obyektlardagi va texnologik zonalardagi murakkab tuzilishga ega bo‘lgan barcha elektrodvigatellar bosqichma-bosqich ta’mirlanmoqda;
- Ichki suv ta’minoti sexi BNS-2 nasos stansiyasini elektr energiya bilan ta’minlovchi 6/0.4 kV transformator podstansiyasida o‘rnatilgan reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi KKU-2 kondensator batareyalari ko‘p yillar ishlashi natijasida ma’nan eskirganligi natijasida yangisiga almashtirilmoqda;
- Majmua hududidagi barcha elektr kabellarida ta’mirlash hamda ma’nan eskirgan kabellarni yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, elektr energiya sarfida ortiqcha energiya yo‘qotilishining oldi olinib, elektr jihozlar va uskunalar ish faoliyatidagi favqulodda uzilishlarning oldi olinadi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati