Xabaringiz bor, iyul oyida respublikamiz miqyosida Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirlariga start berilgan. Oylik doirasida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ obyektlarida ham qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Mazkur oylik uchun ishlab chiqilgan tadbirlar-rejasiga asosan Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining mas’ullari yordamida majmua muhandis-texnik xodimlari, harbiylashgan yong‘indan saqlash xizmati va gazdan qutqaruv xizmatlari xodimlari o‘rtasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirlarining maqsad va mohiyati yuzasidan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
Tadbirlar davomida, majmuada mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi, sanoat, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi, obyektlarni birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlanishi, avtomatik yong‘in o‘chirish va yong‘indan avtomatik darak berish tizim va moslamalari, sig‘imlarni suv bilan sovitish va ko‘pik bilan o‘chirish qurilmalari, yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlari (suv hovuzlari, gidrant, gidromonitor, barcha turdagi (suvli, ko‘pikli, kukunli, uglekislotali) o‘t o‘chirish tizimlari, quruq quvurlar, ichki o‘t o‘chirish jo‘mraklari, motopompalar, quruq va ho‘l quduqlar va hokazo), o‘t o‘chirish vositalarining butligi va doimiy sozligi navbatdan tashqari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, yong‘in xavfini oldini olish maqsadida suyultirilgan gaz mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan idishlarni tasdiqlangan grafik asosida muntazam ravishda maxsus uskunalar yordamida sovitib turilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, “Dolzarb 30 kun” tadbirlari doirasida majmuada tabiiy va texnogen tusdagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, inson hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf etish va boshqa shoshilinch ishlarni aniqlash, tashkillashtirish hamda amalga oshirish ishlarini tekshirish maqsadida taktik-amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 10-iyul kuni, majmuaga qarashli Etilen ishlab chiqarish sexidagi gazlarni ajratish qurilmasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha taktik-amaliy o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida ixtisoslashgan xizmat xodimlari va majmua ishchi-xizmatchilaridan iborat qutqaruvchilarga shartli ravishda yuzaga kelgan yong‘inni bartaraf etish vazifasi topshirildi.
Dastlab favqulodda holat haqida barcha tezkor xizmatlarga xabar berish va ogohlantirish signali chalindi.
Shundan so‘ng, sodir bo‘lgan shartli tabiiy va texnogen vaziyatni bartaraf etish uchun jalb qilinadigan kuch-vositalarini to‘g‘ri yo‘naltirish, jabrlanganlarni xavfsiz hududga olib chiqish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati