Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Jannat poyida bo‘lgan mo’tabar onalarimizni e’zozlash, ularning farzand tarbiyasi va yurt kelajagi yo‘lidagi jonkuyarliklarini qadrlash, shuningdek, munis ayollarimiz va suyukli opa-singillarimizni ardoqlash xalqimizga xos qadriyat sanaladi.

“8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining faollar zalida "Ayol borki olam munavvar!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida, majmuada samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xotin-qizlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov so‘zga chiqib, majmuada mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha xotin-qizlarni tabrikladi va yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xotin-qizlarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Shuningdek, majmua bosh direktori tomonidan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan Baxadirova Nodira Xamidullaevna hamda Osimova Dinara Shuxratovnalarga "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan yo‘llangan tabriknomalar o‘qib eshittirildi va o‘z egalariga topshirildi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng, majmuada mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar ishtirokida "Breyn ring" bellashuvining maxsus bayram soni bo‘lib o‘tdi.

"Breyn ring" bellashuvining maxsus sonida xotin-qizlardan tashkil topgan "3-Renesans", "Sanamlar sarvari" hamda "Majmua malikalari" jamoalari o‘zaro bellashdilar.

Bellashuv so‘nggida ishtirokchilarga majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xotin-qizlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan "Breyn ring" bellashuvining maxsus sonidan so‘ng, tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashish maqsadida, Qashqadaryo harbiy aviatsiya bilim yurti orkestri tomonidan jonli ijro ostidagi kuy-qo‘shiqlar, majmua ishchi-xodimlari tomonidan tayyorlangan qiziqarli hajviy sahna ko‘rinishi, viloyat qo‘g‘irchoq teatrining badiiy jamoasi hamda bir guruh san’atkorlar tomonidan badiiy chiqishlar va kontsert dasturi namoyish etildi.

 

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz