Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni ta’minlash sohasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘lib o‘tgan anjuman ham shular jumlasiga kirib, unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ‒ O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari I.Xushvaqtov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyati partiya tashkiloti raisi N.Xalimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Bioorganik kimyo instituti professori O.Matchonov, O‘zbekiston Milliy Universiteti va Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti professor-o‘qituvchilari, Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari, “O‘zbekneftgaz” AJ Ekologiya xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i M.Suvanov, “Gissarneftgaz” QK direktori N.Berdiev, “Uzbekistan GTL” MChJ mutaxassislari hamda OAV ishtirok etishdi.

Anjumanda so‘z olgan har bir soha vakillari o‘z faoliyati davomida atrof-muhitni asrab avaylashga doir amalga oshirgan ishlari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan rejalar to‘g‘risida fikr almashdi.

Bugungi kunda atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish dunyo miqyosidagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Tabiat ne’matlaridan foydalanilganda avvalo tejamkor texnologiyalardan foydalanishni yo‘lga quyib atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish eng muhim vazifalardan biridir.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi hududi hamda tevarak atrofida yashil hududlarni tashkil etish va texnologik jarayonlarni cho‘l hududida kuzatiladigan qum bo‘ronlaridan himoya qilish maqsadida majmua atrofida 10 ming gektar maydonda “YASHIL QALQON” sanitar himoya hududi barpo etilgan.

Dastlab, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga olib keluvchi avtomobil yo‘lining 16 km qismida 4 qatordan 2 tomonlama manzarali daraxtlar ekish va sug‘orish tizimini tashkil etish maqsadida 28 mingga yaqin turli xildagi manzarali daraxtlar ekilib hozirgi kunga qadar parvarish qilib kelingan. Bugungi kunga kelib mazkur yo‘l atrofida ekib parvarish qilinayotgan daraxtlar soni 107 mingdan ortiq bo‘lib, qatorlar soni 10 tani tashkil etadi.

Shu qatorda korxonada ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari uzluksiz davom ettirilib, daraxtzorlarni suv bilan to‘liq va samarali ta’minlashni yo‘lga qo‘yish uchun yangi nasos stantsiyasi qurib foydalanishga topshirildi. Tomchilab sug‘orish tizimi uchun Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy yangi tomchilagichlar o‘rnatildi. Buning natijasida daraxtlarni sug‘orish oraliq vaqtini qisqartirishga erishildi.

Anjuman davomida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tkazilgan “Eng ekologik toza sex” ko‘rik tanlovida g‘olib bo‘lgan jamoalar taqdirlandi. Ko‘rik tanlov natijalariga ko‘ra birinchi o‘rin Omborlarni boshqarish xizmati jamoasiga, ikkinchi o‘rin Ichki suv ta’minoti sexi jamoasiga hamda uchinchi o‘rin "Bug‘gazhavo ta’minoti" sexi jamoalariga nasib etdi.

Bu kabi tadbirlarlardan ko‘zlangan asosiy maqsad tabiatga chiqadigan zararli ta’sirlarni kamaytirib, atrof-muhitni asrashga bo‘lgan e’tiborni kuchaytiradi.

Shuningdek, anjuman yakunida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida yangi modernizatsiya qilingan Oqova suvlarni tozalash inshootining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga qarashli tashqi oqova suvlarni tozalash inshootida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlarining umumiy qiymati 12,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, inshootining samaradorligi kuniga 360 m³ dan 1000 m³ gacha oshirildi.

Mazkur inshoot Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi hamda "Uzbekistan GTL" zavodlarining ishchilar shaharchasida hosil bo‘ladigan maishiy oqova suvlarni tozalash uchun xizmat qiladi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz