Shurtan gaz kimyo majmuasida olib borilgan joriy ta’mirlash va modernizatsiya ishlari o‘z nihoyasiga yetib, texnologik qurilma va uskunalarni bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi va majmua odatiy ish rejimida ishlay boshladi.

Joriy ta’mirlash ishlari davomida tasdiqlangan chora-tadbirlar asosida ishlab chiqarish sexlarida quyidagi hajmdagi ishlar olib borildi.
Jumladan:
- Etilen sexining gazlarni dietanolamin yordamida tozalash qurilmasidagi barcha berkituvchi armaturalar yangisiga almashtirildi;
- Majmua mutaxassislari va "ZMK Technologies GmbH" (Germaniya) kompaniyasi mutaxassislari hamkorligida BA-1101, BA-1102, BA-1103 piroliz pechlarini transfer quvuridagi 2 diskli klapanlarni yangisiga almashtirish va rostlash ishlari olib borildi;
- Polietilen ishlab chiqarish sexi Reaksiya va retsikl qurilmasidagi FA-2105 adsorberini elektrozadvijkalarini almashtirish ishlari bajarildi;
- Bug‘ gaz havo ta’minoti sexiga qarashli Texnologik suvni sovitish qurilmasidagi AD-6201  chasha hovuzlarini tozalash va to‘siqlarini ta’mirlash ishlari bajarildi.
- 59 dona issiqlik almashinish apparatlarining quvurlar bog‘lamlarini bosim ostida suv bilan yuvish va ta’mirlash ishlari bajarildi;
- 39 dona aylanuvchi mexanizmlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlari bajarildi;
- 158 dona berkituvchi armatura va klapanlarni tekshirish va ta’mirlash, 171 dona elektr jihozlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ta’mirlash ishlari bajarildi.

Shuningdek, majmua bo‘yicha bosim ostida ishlovchi idishlarning 53 donasida tashqi va ichki ko‘rik, 54 donasida suv bilan sinash, texnologik quvuruzatgichlarni 110 donasida suv bilan sinash, prujinali himoyalovchi klapanlarning 31 donasida davriy tekshiruv o‘tkazish hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ro‘yxatida turadigan bosim ostida ishlovchi idishlaring 15 donasida texnik ko‘rik o‘tkazish va suv bilan sinash ishlari bajarildi.

Yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni olib borish vaqtida gaz xavfli ishlar hamda olovli ishlar o‘rnatilgan tartibda texnika xavfsizligi, sanoat xavfsizligi, gaz, yong‘in va elektr xavfsizligi qoidalariga to‘liq amal qilgan holda olib borildi. Buning uchun ushbu ishlarga mas’ul xizmatlar mutaxassislari kechayu-kunduz alohida jonbozlik bilan barcha ishlarni betalofat va xavfsiz o‘tkazilishini o‘z nazoratlariga olishdi.

Bundan tashqari, korxona o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan asosiy vazifalardan biri bo‘lgan, qurilmalarni boshqaruv tizimlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, «HIMA Middle East FZE» kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida majmuaning avariya holatlariga qarshi himoya va blokirovka (HIMA) boshqaruv tizimlarida, «Mechanics» MCHJ kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida Bug‘ gaz havo ta’minoti sexi PA-6101AX/BX qozonlarining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarida modernizatsiya ishlari yakunlandi.

Ta’mirlash va modernizatsiya jarayonlari majmua mutaxassislarining samarali mehnati hamda turdosh korxonalardan kelgan yordamchi ishchi kuchi va maxsus texnikalarining jalb qilinishi evaziga belgilangan muddatdan avval, 14 kunda yakunlandi. Bu harakatlar qurilmalarni ta’mirlash vaqtini qisqartirib, kelgusida ishlab chiqarish jarayonida operatsion samaradorlikning oshishiga hamda mahsulotlar ishlab chiqarishning yillik hajmi ortishiga zamin yaratadi.

Ushbu ta’mirlash va modernizatsiya ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan barcha majmuamiz ishchi-xodimlariga, turdosh korxonalardan kelgan xodimlarga hamda chet ellik mutaxassislarga majmua rahbariyati o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati