“Shurtan GKM” MCHJda ishchi-xodimlarni ogohlikka da’vat etish, ular o‘rtasida firibgarlik, kiberjinoyat, korrupsiya kabi jinoyat turlarni kelib chiqishini oldini olish hamda "9 dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni"ga bag‘ishlangan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Tadbirda majmua Bosh direktorining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari J.Xalimov, G‘uzor tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik B.Bozorov, G‘uzor tumani prokurori o‘rinbosari O.Ochilov, "O‘zbekneftgaz" AJ moliyaviy va komplayens nazorat departamenti komplayens nazorat bo‘limi hududlar bilan ishlash guruhi "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ bo‘yicha bosh komplayens inspektori A.Sharipov, majmua Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi A.Turakulov va boshqa mutasaddi xodimlar ishtirok etishdi.
Dastlab, majmua Bosh direktorining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari J.Xalimov tadbirni ochib berib, "Ochiq eshiklar kuniga" tashrif buyurgan mehmonlarni yig‘ilganlarga tanishtirib o‘tdi. Shuningdek, majmuada korrupsiyaga qarshi intizomni mustahkamlash, korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, biznes jarayonlarni raqamlashtirish orqali optimallashtirish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvda mehmon sifatida taklif etilgan G‘uzor tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik B.Bozorov va G‘uzor tumani prokurori o‘rinbosari O.Ochilov tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar borasida qisqacha to‘xtalib o‘tib, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish o‘ta dolzarb masala ekanligini, garchi uni bajarish doirasida mas’ul idoralar belgilangan bo‘lsada, uning to‘laqonli ro‘yobga chiqishi uchun har bir fuqaro o‘zida mas’uliyat his etsa, qo‘yilgan maqsad va muddaolar yechimi paydo bo‘lishini ta’kidlashdi.
Shuningdek, G‘uzor tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik B.Bozorov 2023 yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida G‘uzor tumani kesimida sodir bo‘lgan turli huquqbuzarliklarning holati tahlilini yig‘ilganlarga bayon qilib, so‘nggi yillarda fuqarolar o‘rtasida kiberjinoyatning avj olishi munosabati bilan Majmua xodimlarini turli ijtimoiy tarmoqlar orqali keluvchi soxta xabarlarga hushyor bo‘lishlariga chaqirdi.
Tadbir davomida majmua ishchi-xodimlari tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.
Tadbir so‘nggida yig‘ilganlarga G‘uzor IIB tomonidan taqdim etilgan "Firibgarlik jinoyatini sodir etish", "Kiberxavfsizlik", "Korrupsiyaga qarshi kurashish" kabi mavzularga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etildi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati