Yevropa ittifoqida Oʼzbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi tomonidan tashkil etilgan birinchi birja savdo maydonchasi ochilishi munosabati bilan savdo maydonchasi taʼsischisi hisoblangan Latviyaning "Shipleart" MCHJ (AP Holding) kompaniyasi boshqaruv raisi Аleksandr Petrov boshchiligidagi "Ishchi guruh" Shoʼrtan gaz kimyo majmuasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida "Ishchi guruh" tomonidan majmuada ishlab chiqarilayotgan polietilen mahsulotiga katta qiziqish bildirilib, ikki davlatning eksport-import yoʼnalishidagi kompaniyalari bilan kelgusidagi hamkorligi shuningdek, oʼzbek kompaniyalarining Yevropadagi vakilliklari hamda qoʼshma korxonalarni tashkil etishi yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Muzokara jarayonida tuzilishi rejalashtirilayotgan memorandum doirasida Riga shahrida ochilgan birinchi birja savdo maydonchasi orqali Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni yevropa bozoriga olib kirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Riga shahrida yangi savdo maydonchasining ishga tushirilishi hamda O'zRTXBning chet eldagi vakolatxonalari sonining ko'payishi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 martdagi "Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi PQ-5031-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda Evropa mamlakatlariga, xususan, neft mahsulotlari, qora metall, kimyo mahsulotlari, elektrotexnika mashinalari va uskunalari eksporti hajmining oshishiga yordam berish bilan bir qatorda O'zbekistonda xaridorgir bo'lgan bir qator oziq-ovqat mahsulotlarining import narxlarini barqarorlashtirishga katta hissa qo'shadi.

"Sho'rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz