O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 fevraldagi "Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ–4611- sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "O‘zbekneftgaz" Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘i bilan korxona va tashkilotlarning moliyaviy-iqtisodiy yo‘nalishdagi mutaxassisislarni maxsus kurslarda o‘qitish bo‘yicha Texnik topshiriqlar (TZ) ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Mazkur Texnik topshiriqlar talablari asosida ASSA va CIMA xalqaro tashkilotlarida o‘qitish bo‘yicha o‘quv markazlari orasida tanlov o‘tkazildi. Natijada DipIFR hamda CIMA sertifikatsiyasi doirasida "Biznesni samarali boshqarish" kurslarini o‘qitish bo‘yicha "Profi-Training" biznes maktabi g‘olib sifatida tanlandi.

Ta’kidlash joizki DipIFR kurslari ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchisida Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asoslari o‘rgatilsa, ikkinchisida MHXS bo‘yicha diplom olishga yo‘naltiriladi va ikkala kursda ham 90 nafar mutaxassis o‘qitiladi.

CIMA sertifikatsiyasi doirasida "Biznesni samarali boshqarish" kurslari ham o‘z navbatida ikki qismdan iborat bo‘ladi. Birinchisida korxona xo‘jalik operatsiyalarining samaradorligini boshqarish usullari bo‘yicha tahsil beriladi. Ikkinchisida esa butun bir biznes samaradorligini boshqarish o‘rgatiladi. Natijada 60 nafar mutaxassis CIMA sertifikatini olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shubhasiz "O‘zbekneftgaz" AJ tizimi korxonalarida DipIFR va CIMA sertifikatiga ega bo‘lgan mutaxassislarning faoliyat yuritishi tashkilotning xalqaro kredit reytingini olishda ijobiy omil sifatida qaraladi.

Joriy yilning 5 sentyabridan Respublikamizda karantin choralari yumshatilgach, "O‘zbekneftgaz" AJ o‘z mutaxassilarini DipIFR va CIMA kurslari bo‘yicha o‘qitishning tashkiliy ishlarini boshladi.

Rejaga muvofiq, "O‘zbekneftgaz" AJning markaziy apparatida faoliyat yuritadigan iqtisodiy-moliyaviy yo‘nalishidagi mutaxassislar uchun o‘quv kurslari ish kunidan tashqari vaqtlarda, ya’ni shanba va yakshanba kunlari tashkil etiladi.
"O‘zbekneftgaz" AJ tarkibidagi hududlarda joylashgan 6 ta neft va gaz qazib chiqaruvchi boshqarmalarning iqtisodiy-moliyaviy yo‘nalishidagi mutaxassislari 2 hafta davomida (har bir o‘quv kursi kamida 72 soatdan) Toshkent yoki Qarshi shahridagi o‘quv markazlariga jalb qilinadi.

O‘quv kurslari yakunida mavzular doirasida yakuniy sinov imtihoni olinadi. DipIFR va CIMA sertifikatiga sazovor bo‘lgan mutaxassislarni mukofotlash yoki lavozimini ko‘tarish ko‘zda tutilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz