2020-yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan F–5537-son farmoyishga asosan, “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida keng ko‘lamli ishlar boshlandi.
Jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘iga asosan, tizimdagi ishlab chiqarish hamda qayta ishlash korxonalarida ham koronavirus infektsiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlardan iborat bo‘lgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Uzluksiz faoliyat olib boradigan “Maxsus shtab” tuzildi.
Ayni mana shu yo‘lda Boshqaruv raisining Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Qashqadaryo, Buxoro, Andijon viloyatlarida ham koronavirus infektsiyasiga chalingan ishchi-xodimlar uchun taqsimlash markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha buyrug‘i imzolandi va bu borada belgilangan barcha ishlar amalga oshirildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizimidagi korxonalarda faoliyat yuritib borayotgan ishchi-xodimlar hamda ularning oila a’zolarini COVID-19 bilan kasallangan taqdirda to‘liq davolash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti klinikasi, shuningdek, Klinik shoshilinch yordam kasalxonasi, Perinatal markazi bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Malakali shifokorlar jalb etilib, har bir ishchi-xodimning hayotini, salomatligini saqlash va tiklash borasida kechiktirib bo‘lmas choralar amalga oshirildi.
Koronavirus butun mamlakat bo‘ylab tarqalgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmon imzonlandi.
Ushbu farmon koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida tizimdagi ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va neft-gaz sohasida faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash borasida, “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyati uchun ham dastur ul-amal bo‘ldi.
Tabiiy gaz qazib chiqarilishi va qayta ishlash yo‘nalishida uzluksiz ish tashkil qilish bo‘yicha barcha choralar ko‘rildi. Eng avvalo, Boshqaruv raisining tashabbusi bilan vaxta uslubida ish yo‘lga qo‘yildi. Karantin davrida 15 kun mehnat qilgan ishchi-xodimlar 15 kun uylarida bo‘lishdi. Shuningdek, har bir ishchi-xodim PSR test natijalariga ko‘ra ishlashi tashkillashtirildi.
Bu esa, o‘z navbatida o‘zining ijobiy natijasini berib, o‘tgan davr mobaynida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkichlar, amalda oshig‘i bilan bajarildi.
Qayd etish kerakki, koronavirus infektsiyasiga chalingan bemorlarni markazlashgan holda davolash, ularga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil qilingan klinikalarda barcha sharoitlar mujassam qilindi va bu doimiy tarzda aynan Boshqaruv raisi tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Jumladan, asosiy qazib chiqarish va ishlab chiqarish korxonalari Qashqadaryo viloyatida joylashgani inobatga olinib, Muborak tumanida qisqa muddat ichida “UNG Medline” klinikasi qurib bitkazildi va ishga tushirildi. Bu yerda asosan, ishchi-xodimlar, ularning yaqinlariga barcha tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratilib, malakali tibbiy xodimlar xizmat ko‘rsatib kelishmoqda.
Klinikaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun kompyuter tamografiyasi, reanimatsion joy, uzluksiz kislorod yetkazilishini ta’minlovchi qurilma va balonlar, koronavirus infektsiyasini aniqlovchi PSR test, qon tahlillarini aniqlash imkoniga ega bo‘lgan laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatida ham ishchi-xodimlar uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qarashli klinikada ishchi-xodimlar uchun koronavirus kasalligini davolash uchun sharoitlar hozirlandi. Uzluksiz ish tashkil qilinib, virus yuqtirgan og‘ir ahvoldagi bemorlarning davolanishi uchun zamonaviy tibbiyot uskunalari keltirildi.
Klinika jahon standartlariga to‘liq javob bera oladigan eng zamonaviy multispiral kompyuter tomografik, raqamli flyurografiya, rentgenografiya va rentgenoskopiya apparatlari eng oxirgi modeldagi teleboshqariluvchi rentgen diagnostika kompleksi kabi tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.
Bu boradagi ishlar Toshkent viloyati hududida uchta yirik neft bazalar joylashgani inobatga olinib, qisqa muddatda “UNG Toshkent dengizi” oromgohi qurib bitkazildi hamda pandemiya davrida koronavirus yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Oromgohning infratuzilmasi ham takomillashtirilib, ishchi- xodimlar va ularning oila a’zolarining maroqli dam olishi, salomatliklarini tiklashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Bemorlarni qabul-saralash, sanitar-o‘tkazish, bemorlarga sanitar ishlov berish, tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishga ham malakali shifokorlari jalb etildi.
O‘z navbatida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan va o‘ta og‘ir ahvolga kelgan ishchi-xodimlar va ularning yaqinlarini davolash uchun Toshkent shahridagi “Ozoda Shifo”, “New Medical Service”, Qashqadaryo viloyatidagi “Zarmas Shifo” kabi bir qator xususiy klinikalar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Klinikalardagi malakali shifokorlar tibbiy yordam ko‘rsatishi uchun jalb qilinib, barcha dori vositalari zaxirasi yaratilgan. Salomatlikni tiklash uchun sarfalanayotgan xarajatlar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan to‘lab berilgan holda, ishchi-xodimlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
O‘z navbatida vaksina bilan emlanish ishlari ham allaqachon boshlab yuborildi, tizimda faoliyat yuritayotgan ishchi xodimlarning 3 ming nafardan ortig‘i to‘liq emlanib bo‘ldi va 20 ming 328 nafari esa qisqa bir hafta muddatda birinchi bosqichda emlanishdi.
Boshqaruv raisining shaxsiy nazorati ostida vaksina bilan emlash ishlari olib borilmoqda.
Buning uchun barcha boshqarma, zavod va neft bazalarda Maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, shifokorlar bilan hamkorlikda ishlar davom ettirilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati