Joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha tayyorgarlik yakuniy bosqichda

2021-yilning may oyida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish jarayonlarida joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib ayni damda mazkur ta’mirlash ishlari uchun tayyorgarlik jarayonlari yakuniy bosqichga yetdi.

Rejali joriy ta’mirlash ishlariga majmuaning mas’ul xodimlari tomonidan puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi va tayyorgarlik davomida Etilen ishlab chiqarish sexining asosiy qurilmalaridan hisoblangan piroliz pechini to‘liq ta’mirlash borasida pechning radiant qismidagi shisha tolali issiqlikka chidamli ZIT blok futerovka materiali uzoq yillar davomida ishlatilib o‘z xususiyatini yo‘qotganligi sababli uning  o‘rniga uzoq muddat ishlaydigan va modernizatsiya qilingan piroblok futerovka materialini almashtirish rejalashtirildi va piroblok ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri bo‘lgan «Morgan Ceramics Middle East FZE» kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida almashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarining yana bir asosiy qurilmalaridan biri bo‘lgan gaz turbinaning boshqaruv qismini modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib gaz turbinaning shkaflaridagi PLC komponentlari va boshqaruv kompyuterini yangilanishi borasida SIEMENS kompaniyasi mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazildi va shartnomalar tuzildi. Ayni damda, bu borada SIEMENS kompaniyasi tomonidan mutaxassislar ajratilgan bo‘lib, ushbu mutaxassislar joriy yilning 4-may kuni majmuaga yetib kelishi ko‘zda tutilgan.

Gaz turbinaning boshqaruv qismida modernizatsiya qilish ishlari, NO‘A va A priborlari va programmalari yangi takomillashtirilganiga almashtirilishi orqali gaz turbinani ishonchli va uzliksiz ishlashini ta’minlanishiga erishiladi.

Shu qatorda, Pirogaz kompressori, bug‘ turbinasi va etilen xladagent kompressori bug‘ turbinalarini yillik PPR asosida to‘liq ta’mirlash ishlariga Yaponiyaning "Mitsubishi" kompaniyasi mutaxassislari jalb etilgan bo‘lib majmuaning malakali mutaxassislari hamda mahalliy kompressor va bug‘ turbinalarni ta’mirlashga ixtisoslashgan “Maxsusenergogaz” AJ mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirish mo‘ljallangan va ta’mirlash uchun barcha ehtiyot qismlar jamlanib, tayyorgarlik ishlari olib borildi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, rejali joriy ta’mirlash ishlari ishlab chiqarish jarayonlarida kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan kutilmagan uzilishlarning oldini olish hamda texnologik qurilma va uskunalarning uzoq muddat sifatli va samarali ishlashini ta’minlash uchun xizmat qiladi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz