O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi ““Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF – 6079-son Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2020 – 2022 yillarda sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish sohalarini raqamli transformatsiya qilish dasturi tasdiqlandi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan ushbu Dastur doirasida tashkilot va korxonalar avtotransport vositalari va maxsus texnikalarining harakat manzili va parametrlarining nazorati va monitoringini olib boruvchi “GPS monitoring” avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish topshirig‘i belgilab berilgan edi.
Bu borada Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti hamda Transport va maxsus texnika departamenti mutaxassislari tomonidan o‘zaro hamkorlikda loyihaoldi o‘rganishlari olib borildi va ma’lumotlar tahlili amalga oshirildi.
O‘rganishlardan kelib chiqib, Axborot tizimlarini joriy etish bo‘limi tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimining texnik loyihalari ishlab chiqildi. Texnik topshiriqlar asosida tizim uchun ma’lumotlar bazasi strukturalari shakllantirilib, dasturiy modullar yaratildi.
Hozirgi kunda ishlab chiqilgan texnik hujjatlar asosida mazkur axborot tizimlari test rejimida sinovdan o‘tkazildi va ishga tushirildi.
Mazkur tizim zamonaviy sun’iy yo‘ldosh monitoringi texnologiyalari yordamida “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli transport vositalari harakatini kuzatish, transport vositalarining onlayn monitoringini amalga oshirish, ularning harakatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, haydovchilar, yo‘lovchilar va tashilgan tovarlar xavfsizligini ta’minlash, haydovchilarning ish soatlarini to‘g‘ri nazorat qilish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, transport vositalari harakatini nazorat qilish orqali samaradorlikka erishish dastlab Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, korxonadagi barcha texnik avtotranstport vositalarida “GPS monitoring” tizimi o‘rnatilgan.
Bu orqali transport vositalarining harakati kuzatib borilishi barobarida ularning ishlab chiqarishga ijobiy ta’siri ham o‘rganiladi.
Xulosa qilib aytganda, “GPS monitoring” avtomatlashtirilgan axborot tizimi “O‘zbekneftgaz” AJda transport vositalari harakatini kuzatish, transport vositalarining onlayn monitoringini amalga oshirish barobarida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan