O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3698-sonli hamda 2018-yil 14-iyuldagi “Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3855-sonli Qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va 2020-yil 29-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Toshkent moliya instituti o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik kelishuvi doirasida institut professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan davra suhbati natijalari asosida 2021-yil 9-fevralda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ bilan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish yuzasidan innovatsion xizmatlar ko‘rsatish va o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnoma imzolangan edi.

Mazkur shartnomaga muvofiq Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJga tashrif buyurib, “Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning iqtisodiy samaradorligini baholash va reytingini aniqlash tartibi” va “Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar moliyaviy holatini kompleks tahlil qilishning skoring modeli” nomli elektron dasturlarni o‘rnatdi va ularni qo‘llash bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi. Taqdimot tarzida o‘tkazilgan treningda korxonaning iqtisodiy soha mutaxassislari qatnashdilar.

“Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning iqtisodiy samaradorligini baholash va reytingini aniqlash tartibi” nomli elektron dastur xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning iqtisodiy samaradorligini baholash orqali tizim, hudud, tarmoq va sohalar bo‘yicha ularning reytingini aniqlash imkonini beradi. Reytingni aniqlashda asosiy e’tibor xo‘jalik yurituvchi sub’yektning moliyaviy holati, moliyaviy barqarorligi, likvidligi, samaradorlik ko‘rsatkichlari, moliyaviy natijalarining dinamik, trend, struktura va omilli tahlillaridan foydalaniladi. Shuningdek, iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga ham keng o‘rin berilgan holda, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mehnat unumdorligi, asosiy fondlar samaradorligi, xarajatlar tahlili, ishlab chiqarish va sotish tahlillariga alohida e’tibor qaratilgan.

“Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar moliyaviy holatini kompleks tahlil qilishning skoring modeli” nomli elektron dastur xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning moliyaviy holati va natijalarini kompleks tahlil qilish orqali uning moliyaviy barqarorligi, to‘lov qobiliyati, ish samaradorligiga to‘liq baho berish orqali ularning kreditga layoqatliligini baholash uchun mo‘ljallangan. Ushbu dastur xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kreditga layoqatliligini moliyaviy va nomoliyaviy ko‘rsatkichlar asosida tahlil qilish hamda natijalariga skoring modeli yordamida baho beradi. Bundan tashqari, mazkur elektron dastur xo‘jalik yurituvchi sub’yektning moliyaviy ahvolini batafsil tahlil qilish, butun dunyoda e’tirof etilgan korxona bankrotligini aniqlashning Altman modeli asosida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardagi bankrotlik alomatlariga baho berish orqali muhim iqtisodiy qarorlar qabul qilish uchun xizmat qiladi.

Innovatsion ishlanmalarni qo‘llash yuzasidan o‘tkazilgan seminar-trening davomida “Fan-ta’lim-ishlab chiqarish” integratsiyasining bugungi holati, uni rivojlantirish yo‘nalishlari va hamda ishlab chiqarishga innovatsiyalarni jalb etish istiqbollari kabi masalalar ham muhokama qilindi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz