Angliyaning “Globuc” kompaniyasi tomonidan “Markaziy Osiyo davlatlarida gazni chuqur qayta ishlash va gazkimyo sohasida innovatsion yechim va texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida xalqaro onlayn anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘zbekneftgaz" AJ mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Anjumanni o‘tkazishdan maqsad dunyo neft va gazni chuqur qayta ishlash sohasidagi islohotlar, yangiliklar va yechimini kutayotgan innovatsion masalalarni muhokama qilishdan iborat.

Anjuman kun tartibidan dunyodagi geosiyosiy vaziyat va noaniqliklar hamda uning Markaziy Osiyo bozoriga ta’siri, kam va o‘rta tonnali kimyoviy ishlab chiqarish loyihalarning istiqbollari, neft va boshqa xom ashyolarning logistikasiga oid mavzular o‘rin oldi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida investitsiyalarni jalb qilish va loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha yuzaga keladigan muammolar, soha tranformatsiyasi va dekarbonizatsiyasi hamda jarayonlarni raqamlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Globuc” kompaniyasining “IHS” sho‘ba korxonasi mutaxassisi ishtirokchilarga sayyoramizda bugungi kundagi geosiyosiy vaziyat tufayli neft va gaz sanoatida yuzaga kelayotgan noaniqliklar va uning mintaqada neft va gaz narxlariga ko‘rsatayotgan ta’siri bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu esa o‘z navbatida dunyo miqyosida logistika tarmoqlari yo‘nalashlarini tubdan o‘zgartirishga, yakunda xom ashyo va mahsulotlar narxining o‘sishiga proporsional ta’sir etayotganligi ta’kidlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqilayotgan o‘rta va kam tonnali gazkimyo investitsiya loyihalari Markaziy Osiyo mintaqasida sohani rivojlanishiga va import o‘rnini bosuvchi yuqori qo‘shilgan qiymatdagi muhandislik hamda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Soha mutaxassilari tomonidan O‘zbekistonda innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali raqamlashtirish, is gazini atmosferaga chiqishini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuqori baholandi.

“O‘zbekneftgaz” AJni Markaziy Osiy mintaqasida zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda yangi quvvatlarni ishga tushirilishi bo‘yicha tajribasi alohida e’tirof etildi. Shu bois mutaxassislar tomonidan 2022-yilda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo neftgaz kimyosi va neftni qayta ishlash 2022” to‘qqizinchi xalqaro konferensiyasini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha taklif berildi.

Shunday qilib, joriy yilning kuz oylarida neft va gaz sohasi texnologik litsenziarlar, soha ekspertlari, yangi zamonaviy innovatsion ishlanmalarni taklif etuvchi kompaniyalar O‘zbekistonda jamlanishi rejalashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizda sohaga yangi loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarni jalb qilish va innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz