"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan yillik chora-tadbirlari rejasiga asosan Etilen ishlab chiqarish sexining gazlarni ajratish qurilmasi filtrida faollashtirilgan ko‘mirni yangisiga almashtirish ishlari olib borildi.
Gazlarni ajratish qurilmasi filtridagi faollashtirilgan ko‘mir kimyoviy reagenti bir yilda uch marta ya’ni har to‘rt oyda bir marta almashtirilishi belgilangan bo‘lib, joriy yilning mart oyida dastlabki bor almashtirish ishlari amalga oshirilgan edi.
Ushbu filtrning vazifasi faollashtirilgan ko‘mir kimyoviy reagenti yordamida yuqori haroratda dietanolamin tarkibidagi eritmaning parchalanishi natijasida hosil bo‘ladigan mahsulotlar, issiqqa bardoshli tuzlar, korroziya mahsulotlari va polimerlarni ushlab qolishdan iborat.
Agar yuqoridagi jarayon filtr yordamida amalga oshirilmasa, dietanolamin eritmasinining nordon gazlarni yutish samaradorligi tushib ketadi va natijada ishlab chiqarish samaradorligining pasayishiga olib keladi.
Ma’lumot uchun, Shurtan gaz kimyo majmuasi Etilen ishlab chiqarish sexi 2000 yilning 01 aprel sanasida tashkil topgan bo‘lib, har yili Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlaridan keladigan 4 mlrd. m3 tabiiy gazni qayta ishlab, undan 3.4 mlrd. m3 metan yoqilg‘i gazi, 100 ming tonna suyultirilgan gaz, 100 ming tonna gaz kondensati, 1000 tonna oltingugurt ishlab chiqaradi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati