Barchamiz kundalik hayotimizni plastik mahsulotlarisiz tasavvur qila olmaymiz. Ularni ishlab chiqarish bilan bir qatorda foydalanilgan plastik buyumlarni to‘laqonli utilizatsiya qilishning samarali yo‘llarini aniqlash va joriy etish masalalari dunyo polimer ishlab chiqaruvchilari oldidagi eng dolzarb yo‘nalishlardan biri sanaladi.

2021-yil 2-fevral kuni Moskva shahrida Plastmassani qayta ishlovchilar uyushmasi tomonidan tashkil qilingan IV xalqaro video forumda foydalanilgan plastik buyumlarni to‘laqonli utilizatsiya qilish masalasining yechimlari muhokama qilindi.

Ushbu xalqaro forumda “O‘zbekneftgaz” AJ Gazni qayta ishlash va gaz-kimyo departamentining mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Mutaxassislar o‘rtasida yangi istiqbolli loyihalarni joriy etish bo‘yicha munozaralar bo‘lib o‘tdi. Forum mobaynida biopolimerlarni hayotimizga tadbiq etishning istiqbollari, plastik mahsulotlarni samarali utilizatsiya qilish yo‘llari, birlamchi va ikkilamchi xomashyolar aralashmalaridan kompaund mahsulotlarni olish va ularni qayta ishlashning yangi usullari va uskunalari bo‘yicha ma’ruzalar va taqdimotlar qilindi.

Ma’ruza va taqdimotlar mobaynida hozirgi kunda dunyo miqyosida umumiy ishlab chiqarilayotgan polimer mahsulotlarning atigi 10 foizigina unumli utilizatsiya qilinishi va bu borada Germaniya davlati katta yutuqlarga erishayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Polimer chiqindilarning nisbatan kamayishini ta’minlash maqsadida, o‘z-o‘zidan parchalanib ketadigan biopolimerlardan foydalanish sezilarli natijalar berishi mumkinligi qayd etildi. Kelajakda biopolimerlardan tashkil topgan mahsulotlarga, dunyoda joriy etilayotgan ekologik qat’iy me’yorlarning kuchayishi bilan talab ham ortishi aytib o‘tildi.

Undan tashqari, hosil bo‘layotgan chiqindilarni, xususan, elektrotexnik jihozlardan foydalanish orqali to‘planayotgan ikkilamchi polimer xomashyolardan unumli foydalanib, birlamchi va ikkilamchi xomashyolardan yangi turdagi kompozit mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali arzon va yuqori samarali texnologiyalarni ishlab chiqish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirgi texnologiyalar orqali ikkilamchi xomashyodan olinayotgan plastik mahsulotlar birlamchi xomashyodan olingan mahsulotlardan 12–25 foiz qimmatligi sababli, utilizatsiya qilishning ekologik xavfsiz va energiya tejamkor yangi innovatsion yechimlarini hayotga tadbiq etilishini talab etadi.

Forum yakunida barcha ma’ruzachilar, xususan, gazni qayta ishlash va gaz-kimyo departamenti mutaxassislarining yuqorida aytib o‘tilgan yo‘nalishlarda texnik va texnologik yechimlari bo‘yicha fikrlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar plastik chiqindilarni utilizatsiya qilish va ularni unumli qayta ishlashga yo‘naltirishning muqobil texnologiyalari bo‘yicha yangi ma’lumotlarni o‘zaro almashishga kelishib olishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz